French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Do‘stlik” kubogi Markaziy Osiyo yosh futbolchilarini birlashtirdi
14:47 / 2025-08-31

Bugungi globallashuv va o‘zaro bog‘liqlik sharoitida mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va ishonchni mustahkamlash har qachongidan muhim. Sport esa xalqlar, ayniqsa yoshlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatni rivojlantirish, umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish va tinchlik madaniyatini qaror toptirishda o‘ziga xos “diplomatiya tili” hisoblanadi.

Ma’lumki, O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri – Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini ta’minlash, qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik hamda o‘zaro manfaatga asoslangan aloqalarni rivojlantirishdan iborat.

Ayni yo‘nalishda O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi ham turli madaniy-gumanitar loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, yoshlar o‘rtasida sport diplomatiyasini targ‘ib etish, do‘stona munosabatni mustahkamlash va Markaziy Osiyo davlatlari xalqlarini yaqinlashtirish maqsadida qator tadbirlar tashkil etib kelmoqda.

Toshkentda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Do‘stlik kubogi” xalqaro futbol turniri fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Ushbu musobaqada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan, 12 yoshli o‘smirlardan iborat -16 jamoa ishtirok etdi. Yosh avlod o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularning iste’dodini har tomonlama rag‘batlantirish hamda sog‘lom turmush tarziga undash maqsadida tashkil etilgan turnir qiziqarli, keskin va tomoshabop o‘yinlarga boy kechdi. Yakunda OKMK(O‘zbekiston) klubi g‘olib chiqdi. Ikkinchi o‘rin GOKJE-2015(Turkmaniston) yosh futbolchilariga nasib etdi. Uchinchi o‘ringa Chig‘atoy va Jizzax jamolari sazovor bo‘ldi. Barcha sovrindorlarga Markaz tomonidan kubok va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bundan tashqari, nominatsiyalar bo‘yicha ”Eng yaxshi o‘yinchi”, “Eng yaxshi darvozabon” va “Eng yaxshi murabbiy” alohida taqdirlandi.

Bunday e’tirof yosh futbolchilar, murabbiylarni yanada ruhlantirib, kelgusida yangi g‘alabalar sari ilhomlantirishi tabiiy. Shu bilan birga ishtirokchilar o‘zaro muloqot qilib, yangi do‘stlar orttirish imkoniga ham ega bo‘ldi.

Tadbir yakunida Markaz direktori Qobiljon Sobirov Toshkent shahri futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Azamat Abduraimovga sport diplomatiyasini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun “Xalq diplomati” ko‘krak nishonini topshirdi.

Hozirgi integratsiyalashuv davrida millatlar o‘rtasidagi muloqot muhim ahamiyatga ega. Axborot va o‘zaro tajriba almashish, bir-birini anglash orqali xalqlar o‘zaro ishonchni mustahkamlab, hamjihatlikka erishadi, jipslashadi. “Do‘stlik kubogi” aynan shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

O‘zbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA