Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Do‘stlik kechasi
11:41 / 2023-12-23

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Slavutich” respublika ukrain madaniyat markazi bilan hamkorlikda “Yangi yil – orzu-umidlar va ulkan niyatlar bayrami” shiori ostida Yangi yil madaniy festivali o‘tkazildi.

Mazkur anjumanni o‘tkazishdan asosiy maqsad millatlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlash, turli millat va elatlar vakillarining urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish, shuningdek, millatlararo munosabatlar sohasidagi islohotlarni keng targ‘ib etishdan iborat. 

Tadbirda turli millatlarga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish o‘zbek halqi milliy ma’naviyati, tabiatining ajralmas fazilati ekani ta’kidlandi. 

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshev mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlarda, qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarda inson sha’ni, e’tiqod erkinligi va qadr-qimmatini hurmat qilish, uning huquq va erkinliklarini eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etish g‘oyasi o‘z ifodasini topganini qayd etdi. 

Milliy madaniy markazlarning yurt ravnaqi va kelajagini qurishdagi roli kuchaytirilgani ta’kidlanib, markazlarning yurtimizda bo‘lib o‘tadigan barcha tadbirlardagi faol ishtirokiga yuqori baho berildi. Shuningdek, bu yil ham milliy madaniy markazlarni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan salmoqli mablag‘lar ajratilganiga e’tibor qaratildi. 

Tadbirda “Lavanda” folklor ansambli badiiy rahbari Ganna Chubaga Ukraina madaniyati va an’analarini ommalashtirishda qo‘shgan hissasi, ko‘p yillik samarali ijodi va tug‘ilgan kuni munosabati bilan Qo‘mitaning faxriy yorlig‘i topshirildi. 

“Slavutich” Respublika ukrain milliy madaniy markazi raisi Vladimir Boyko mamlakatimizda barcha millat vakillari uchun o‘z tili, madaniyati, urf-odatlarini saqlab rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgani va bu imkoniyatlar Konstitutsiyamizga muhrlab kafolatlanganini ta’kidlab, barchani kirib kelayotgan Yangi 2024 yil bilan samimiy tabrikladi. 

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizdagi osoyishtalik, farovon turmush, millatlararo bag‘rikenglik va do‘stlik rishtalarini ko‘z qorachig‘idek avaylab asrash va qadriga yetish kerakligini alohida qayd etdilar. 

Taniqli madaniyat va san’at namoyandalari hamda milliy madaniy markazlarning badiiy xavaskorlik musiqiy guruhlari tomonidan ijro etilgan ko‘plab tillardagi kuy va qo‘shiqlar, raqslari tadbirga bayramona kayfiyat baxsh etdi. 

N.Usmonova, O‘zA