30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni
2021 yildan buyon O‘zbekistonda 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Ma’lumot uchun aytish kerakki, BMT Bosh Assambleyasi 2011 yilda qabul qilgan rezolyutsiyada xalqlar, davlatlar, madaniyatlar va insonlar o‘rtasidagi do‘stlik, tinchlikni ta’minlash bilan bog‘liq harakatlarga ilhomlantirish hamda madaniy xilma-xillikni hurmat qiladigan jamiyatlar o‘rtasida ko‘priklar o‘rnatish maqsadida 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni (International Day of Friendship) sifatida belgilangan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 130dan ziyod millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari istiqomat qiladi. Shuningdek, yurtimizda 141 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritmoqda.
Mamlakatimiz umumta’lim maktablarida o‘qitish yetti tilda olib boriladi. Bir necha tillarda ommaviy axborot vositalari chop etiladi. Milliy madaniyat markazlari faoliyatini takomillashtirish, zamon talabiga mos ishlashi uchun sharoitlar yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. '
Azaldan bag‘rikenglik, hamjihatlik, do‘stlik, inoqlik o‘zbek xalqining milliy fazilatida ustuvor o‘rin egallaydi. Ko‘plab turli millat vakillari uchun jonajon O‘zbekiston o‘z tabarruk Vatani bo‘lib kelgan. Millatidan qat’i nazar, millionlab hamyurtlarimiz o‘z taqdiri, umri, baxti, farzandlari kamolotni shu aziz diyor bilan uyg‘un ko‘rgan!
Mamlakatimizda 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bir guruh faollarni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilingani yurtimizda millatidan qat’i nazar, halol mehnat qilgan har bir fuqaroning intilishlari doimiy e’tiborda ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
...Kunlar shiddat bilan o‘tmoqda. Islohotlar ortga qaytmas tus oldi. Muammolar ham yo‘q emas. Tinch, xotirjam, ahillik va hamjihatlikda o‘tgan har bir kun oliy ne’mat ekani tobora teranroq ayon bo‘lib bormoqda. Mahalla-ko‘y, ta’lim-tarbiya maskanlari, mehnat jamoatlarida turli millat vakillari bo‘lishi biz uchun oddiy hol, kundalik hayot tarzdi. Ha, biz do‘stlikni qadriga yetadigan, uni ko‘z qorachig‘idek asraydigan shunday xalqmiz!
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri