Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida “Biz – bir oila farzandlarimiz!” mavzusida do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari, institutda tahsil olayotgan turli millat vakillari bo‘lgan talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

Festival ishtirokchilari dastlab Ajiniyoz muzeyida bo‘lib, u yerdagi eksponatlar bilan tanishdi. Mehmonlar bu yerda buyuk so‘z zargarining hayoti va ijodi, shuningdek, institut tarixi bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, festival doirasida institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov rahbarligida “Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan” g‘oyasi asosida ma’naviy-ma’rifiy suhbat tashkil etildi. Unda xalqlar o‘rtasidagi totuvlik, bag‘rikenglik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikning jamiyatdagi tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi.

So‘zga chiqqanlar ko‘p millatli mamlakatimizda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, tinchlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodni millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligini ta’kidladi.

Tadbir institutning “To‘maris” xalq ansambli a’zolari va iqtidorli yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA