Bugungi globallashuv davrida millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, jahon hamjamiyati bilan do‘stona aloqalarni kuchaytirish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning barcha mamlakatlari hayotida muhim o‘rin tutadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, BMT Bosh Assambleyasi 2011 yilda qabul qilgan rezolyutsiyada xalqlar, davlatlar, madaniyatlar va insonlar o‘rtasidagi do‘stlik, tinchlikni ta’minlash bilan bog‘liq harakatlarga ilhomlantirish hamda madaniy xilma-xillikni hurmat qiladigan jamiyatlar o‘rtasida ko‘priklar o‘rnatish maqsadida 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni (International day of Friendship) sifatida belgilangan. Ushbu sana mamlakatimizda ham katta bayram sifatida keng nishonlanadi.
Kecha ana shu “Do‘stlik” bayrami arafasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining markaziy ko‘rgazmalar zalida “Do‘stlik palitrasi” deb nomlangan badiiy ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekistonda yashab, ijod qilib kelayotgan turli millat vakillarining rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, zamonaviy amaliy san’at asarlari namunalari o‘rin olgan. Jumladan, Anush Avakyan, Radik Azizov, Marina Borodina, Tatyana Li, Yevgeniy Panov, Taras Chub, Mirvohid Mirsaidov kabi ijodkorlar o‘z asarlari bilan ishtirok etdilar.
“Do‘stlik” xalqaro festivali doirasidagi tadbirlar jamiyatimizda millatlararo totuvlikni ta’minlash, madaniy-ma’rifiy va do‘stlik aloqalarini kengaytirish, chet eldagi vatandoshlarimiz bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-gumanitar sohada “xalq diplomatiyasi” imkoniyatlaridan foydalanishga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TdOi0CuVcLA" title="“Do‘stlik” festivali: millatlararo hamjihatlik tarannumi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Do‘stlikni mustahkamlovchi bu kabi tadbirlar Respublikamizda 30 iyulgacha davom etadi.
O‘tkir Alimov,
Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA