Navoiy shahrida “Do‘stlik festivali” doirasida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida amaliy san’at ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Unda viloyatdagi milliy madaniy markazlar tomonidan urf-odatlar va an’analarni aks ettiruvchi milliy liboslar, markazlar qoshida tashkil etilgan to‘garaklarda amalga oshirilgan ishlar, yoshlarning ijod namunalaridan iborat san’at asarlari namoyish etildi.
Ko‘p millatli Navoiy viloyati – xalqlar do‘stligining yorqin ifodasidir. Bu hududda o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq, tojik, rus, koreys va ko‘plab boshqa millat vakillari bir oila a’zolaridek yashab kelmoqda. Viloyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, o‘zaro do‘stlikni mustahkamlash maqsadida 7 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Maktablarda o‘qitish 7 tilda yo‘lga qo‘yilgan.
Bugun ularning urf-odatlari, yashash tarzi bir. Ular bir-biri bilan quda-anda, qarindosh bo‘lib ketgan. Yaxshi-yomon kunda bir-biriga yelkadosh va ko‘makdosh. Ular yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib, davlat boshqaruvi organlari hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilib kelmoqda.
[gallery-8143]
– bugungi kunda viloyatimizda 40 ming nafardan ziyod qozoq millatiga mansub aholi istiqomat qilib kelmoqda, – deydi “Do‘stlik” ordeni sohibi, qozoq milliy madaniy markazi rahbari Turexan Narinbetov. – Boshqa millat vakillari singari ularga ham yashab mehnat va ijod qilishlari, faoliyat olib borishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. bugungi ma’daniy-ma’rifiy tadbirda markazimiz jamoasi bilan faol ishtirok etmoqdamiz. Tadbirda qozoq millati urf-odatlari va qadriyatlarini aks ettiruvchi liboslar ko‘rgazmasi tashkil etdik. Turli millatlar vakillari bilan birgalikda kuy-qo‘shiqlar ijro etib, raqslarga tushdik.
Prezidentimizning “30 iyul - Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, “Barchamiz uchun Vatan bitta. Biz – O‘zbekiston degan jannatmakon yurtning farzandlarimiz. Bizning – shu tabarruk zaminda yashayotgan har bir millat vakillarining o‘tmishimiz ham, bugungi taqdirimiz va kelajagimiz ham bir. Bizni ulug‘ va mushtarak maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligidir”.
Tadbirda turli millat vakillari tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston - umumiy uyimiz” deb nomalangan konsert dasturi namoyish etildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA