Qoraqalog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida boshlangan “O‘zbekiston - yagona Vatan!” shiori ostida boshlangan Do‘stlik festivali Nukus shahrida davom etdi.
Tadbir doirasida milliy-madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari va adabiyotlar ko‘rgazmasi, shuningdek, mahalliy sanoat korxonalari, klasterlar va fermer xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyishi o‘tkazildi.
Tantanali tadbirda Nukus shahar hokimi A.Daniyarov so‘zga chiqib, Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda xalqlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, ayniqsa, Qoraqalpog‘istondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida so‘z yuritdi. Bayram munosabati bilan davlatimiz rahbarining yo‘llagan tabrigini yurtdoshlarimiz katta xursandchilik bilan kutib olishdi.
[gallery-24547]
Darhaqiqat, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy-madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari va xorijdagi vatandoshlar jamoat birlashmalari davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda yurtimizda do‘stlik va bag‘rikenglik muhiti, milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligini mustahkamlash, chet ellar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalar, xalq diplomatiyasini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ijobiy natijalarga erishmoqda.
Biz o‘zining halol mehnati, vatanparvarlik fazilatlari bilan respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan turli millatga mansub yurtdoshlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Tadbirda yurtimizdagi taniqli madaniyat va san’at namoyondalari tomonidan ona Vatan, uning mustaqilligi va xalqlar do‘stligini tarannum etuvchi konsert dasturi namoyish etildi.
Do‘stlik festivali Taxtako‘pir tumanidagi “Qorateran” turistik majmuasida Orolbo‘yida faoliyat olib borayotgan milliy-madaniy markazlarning “O‘zbekiston - yagona Vatan!” shiori ostidagi ko‘rgazmalari bilan davom etadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA