Mustaqil O‘zbekistonda millatlar va konfessiyalararo totuvlik va o‘zaro bir-birini tushunish, yosh avlodni bag‘rikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani muhrlab qo‘yilgan. Ularga o‘z madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Keyingi yillarda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar o‘zining sifati va ma’no-mazmuniga ko‘ra yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarildi.
Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 30 iyul – butun dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni sifatida nishonlanib kelinadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yil 10 fevralda qabul qilingan qonunga asosan O‘zbekistonda ushbu sana Xalqlar do‘stligi kuni deb belgilandi. Bu bayramning ta’sis etilishi butun respublikamiz aholisining ayni ko‘nglidagi ish bo‘ldi.
[gallery-8083]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sana munosabati bilan yurtdoshlarimizga yo‘llagan bayram tabrigi e’lon qilindi. Tabrik ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olindi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov xalqlar do‘stligi kuni bilan barcha yurtdoshlarimizni tabriklab, mazkur sanani munosib nishonlash maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birga yurtimizda “Do‘stlik” festivali tashkil qilinayotganini qayd etdi.
Ta’kidlandiki, “Do‘stlik” festivalini o‘tkazishning asosiy maqsadi jahon mamlakatlarining millatlararo totuvlikni ta’minlash borasidagi tajribasi va ilmiy salohiyatini birlashtirish, xalqlar madaniyatini namoyish etish, shuningdek, xorijiy mamlakatlar, shu jumladan qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash hamda chet eldagi vatandoshlarimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, yurtimizda yashab kelayotgan barcha millat va elat vakillarining madaniyati, tili, milliy an’analari va urf-odatlarini saqlashdan iborat.
Ta’kidlash joizki, 30 iyul – 7 avgust kunlari “Do‘stlik” festivali doirasida yurtimizda turli madaniy, ma’naviy-marifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar rejalashtirilgan.
Xususan, 30 iyul – 3 avgust kunlari mamlakatimizning barcha hududlari bo‘ylab bayram sayllari, konsert dasturlari tashkil qilinishi belgilangan.
4 avgust kuni poytaxtimizdagi “Cinema Palace” kino saroyida “Do‘stlik” videoroliklar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash tadbiri o‘tkaziladi. 5 avgust kuni poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Markaziy Osiyo davlatlarida millatlararo totuvlikni ta’minlash” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil qilinadi.
6 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan vazirlik, idora vakillari, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari va xorijlik hamkorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Shu kuni poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” qardosh xalqlar yozuvchi va shoirlarining asarlari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
Shu kunning o‘zida “Xalqlar do‘stligi” maydonida “Do‘stlik ohanglari” nomi ostida taniqli estrada, opera san’ati ustalari va O‘zbekiston milliy simfonik orkestri jo‘rligidagi katta gala-konsert hamda “Do‘stlik fashion” milliy an’anaviy kostyumlar va zamonaviy liboslar defilesi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
6-7 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning madaniyat va istirohat bog‘lari, xiyobon va saylgohlari turli millat vakillari ishtirokida “Xalqlar do‘stligi” konsert dasturlari namoyishi bo‘lib o‘tadi.
Festival doirasidagi tadbirlar aholini, ayniqsa, yoshlarni umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, turli millatlar qadriyatlariga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalashga, shuningdek, jahonda samimiy do‘stlik g‘oyalarini targ‘ib qilish va tarannum etishga xizmat qiladi.
Do‘stlik festivalida xalqaro tashkilotlar vakillari, chet el siyosatchilari, ekspertlarning ishtiroki ko‘zda tutilgan. Xususan, YeXHTning Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha oliy komissari Kayrat Abdraxmanov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
28 iyul kuni martabali mehmonning Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi milliy madaniy markazlar (tojik, slavyan, qirg‘iz) bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi hamda Farg‘ona shahrida yangi ochilgan “Do‘stlik uyi” faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoni yaratildi.
29 iyul kuni Kayrat Abdraxmanov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi faoliyati bilan tanishdi. Martabali mehmon do‘stlik festivali doirasida tashkil qilinayotgan bayram sayllarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlar tomonidan yo‘llangan savollarga atroflicha javob qaytarildi. Ishtirokchilar tomonidan yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ko‘z qorachig‘idek asrab avaylash barchaning muqaddas burchi ekaniga oid fikrlar bildirildi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri