Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Do‘stlik daraxtining totli mevalari
18:47 / 2022-06-01

O‘tgan oyning boshlarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tgan “Do‘stlik nasimi” nomli adabiy uchrashuvda o‘zbek va tojik adiblari navbatma-navbat do‘stlik, qardoshlik, yangi qo‘shnichilikni tarannum etib, adabiyot muxlislariga bir olam taassurot bag‘ishladilar. G‘azallar ortidan qo‘shiqlar yangradi.

Ko‘z oldimizda abadiy do‘stligimizga mustahkam poydevor qo‘ygan ikki buyuk siymo – Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning benazir do‘stligiyu ustoz-shogirdlik munosabatlari gavdalandi. Anjuman nihoyasida O‘zbekistonda yashab ijod qilayotgan to‘rt nafar tojikzabon adibga Tojikiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zolik guvohnomalari topshirildi. Bundan biroz oldinroq tojikistonlik o‘zbekzabon qalamkashlardan Jamshid Primov va O‘rinboy Usmonov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilingandi. Tadbir ishtirokchilari yaqinda Samarqand shahrida tojik tilidagi “Durdonai Sharq” adabiy-badiiy jurnalining ilk soni chop etilganini adabiy hayotimizda muhim voqea, deb baholadilar.

Bu yerdagi ajoyib do‘stona muhit birozdan so‘ng O‘zbekiston Milliy matbuot markaziga ko‘chdi. Bu yerda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Tojikiston Jurnalistlari ittifoqi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Ikki qardosh mamlakat qalam ahli bugungi kunda Prezidentlar – Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon tashabbuslari bilan yo‘lga qo‘yilgan yangi qo‘shnichilik tamoyillarini xalqlarimiz o‘rtasida keng targ‘ib qilib, ajdodlar an’analarini yangi mazmun-mohiyat bilan boyitish borasida mas’ul ekanliklari qayta-qayta ta’kidlab o‘tildi.

Ha, bugungi zamonda yaxshni qo‘shnichilik, iqtisodiy-madaniy hamkorlik, integratsiya jarayonlari taraqqiyot va barqarorlikning eng muhim omillaridan ekanligi hech kimga sir emas.

Holbuki, o‘zbek va tojik xalqlari nafaqat qo‘shni, balki asrlar davomida qondoshu qardosh bo‘lib, bir buloqdan suv ichib, bir havodan nafas olib, yagona osmon ostida bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullanib kelgan, yaxshi-yu yomon kunlarda yelkama-yelka turib, qiyinchiliklarni yengib o‘tgan. Bunga tarix guvoh! Qolaversa, ruhiyatimiz, ma’naviyatimiz juda yaqin. Sharq adabiyotining noyob durdonalari vorisimiz, betakror Shashmaqomimiz bor.

Ha, darvoqe, Prezidentimiz o‘tgan yili Xo‘jand shahrida ziyolilar bilan uchrashuvda ilgari surgan Mavlono Jomiy va Hazrat Navoiy do‘stligiga oid badiiy filmni suratga olish g‘oyasi amalga oshmoqda. Filmning yakuni yaqinda tasdiqlandi.

Bundan to‘rt yil oldin, aniqrog‘i, 2018 yilning 9-10 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahriga tashrif buyurgan edi. Ikki mamlakat rahbarlari xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida xizmat qiladigan, yaqin kelajak uchun ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tara oladigan 30 ga yaqin muhim hujjatni imzolagandi. Mazkur sanalar O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari tarixida yangi sahifalar ochdi va bu voqea tarix solnomasida zarhal harflar bilan qayd etildi.

Mana, oradan to‘rt yildan ziyod vaqt o‘tdi. Ikki mamlakat do‘stlik rishtalari bilan bog‘liq, hatto aytish mumkin, taqdirimizni belgilovchi ko‘plab quvonchli voqealar ro‘y berdi, ularning son-sanog‘i yo‘q. Ularni ta’riflash, tavsiflashga tilimiz ojiz. Qaysi sohani tilga olmang do‘stlik aloqalari, hamkorligimizning farahbaxsh mahsulini o‘zida ifoda etgan jihatlarni ko‘ramiz. Chegaralarimiz yuragimiz kabi bir-birimizga ochildi, yo‘llarimiz, darvozalarimiz hamisha ochiq. Insonlarning mamnunligini, roziligini ko‘rib, hayot naqadar shodliklarga boy bo‘lishi mumkinligiga ishonch hosil qilasiz.

Shaxsan o‘zim tug‘ilgan – Istaravshan shahriga 180 kilometr masofani bosib o‘tishni qariyb 20 yil kutdim. Dushanbe shahridagi urgutlik yurtdoshlarimiz yoki Xatlon viloyatidagi minglab asli vodiyliklar avlodlari ham bu tarixiy kunlarni ko‘p-ko‘p intizor bo‘lib kutgan. Bu kunlar tarixda qoldi.

Kuni kecha ommaviy axborot vositalarida ajoyib raqamlar e’lon qilindi: O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash so‘nggi olti yilda 37 barobar ko‘paygan. 2022 yilning birinchi to‘rt oyida bu ko‘rsatkich 173,6 million dollarni tashkil etgan. Bu 2021 yilning shu davri bilan solishtirganda 30,4 foiz ko‘p.

Madaniy hayotimizdagi muvaffaqiyatlarning son-sanog‘i yo‘q. Bu sohada ham do‘stlik daraxtining totli mevalaridan bahramand bo‘lmoqdamiz. "– Biz o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasida do‘stlik ko‘prigini mustahkamlash bo‘yicha astoydil harakat boshladik, – degan edi Prezidentimiz to‘rt yil ilgari. – Niyatimiz yor bo‘lib, ezgu maqsadlarimizga erishamiz, inshoolloh. Biz do‘stlik va insoniylik nuqtai nazaridan qo‘shnilarimiz bilan, avvalo, Tojikiston bilan hamisha do‘st va birodar, hamkor va hamjihat bo‘lamiz”. Tarixning keyingi to‘rt-besh yili bu so‘zlar haqiqatga, haqqoniyatga aylanganini isbotladi. Bu kunlarimizga ko‘z tegmasin.

Shoqahhor SALIMOV.

O‘zA