French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Do‘stligimiz abadiy bo‘lsin
22:43 / 2021-05-26

O‘zbek va qirg‘iz xalqlari ko‘p asrlik yagona tarix, o‘xshash madaniyat, mushtarak til va ma’naviy qadriyatlar bilan bir-biriga chambarchas bog‘langan.

bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlarining siyosiy irodasi tufayli tomonlar ko‘plab dolzarb masalalarni hal etish va o‘zaro hamkorlik aloqalarining ijobiy o‘sishiga erishdi. Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasidagi muntazam uchrashuvlar, jumladan, BMT, MDH, SHHT, IHT, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi va qator xalqaro tuzilmalardagi ishtiroki o‘zaro munosabatlarning yuqori darajasini namoyon etadi.  

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning shu yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi o‘zaro munosabatlarning yanada mustahkamlanishida muhim voqea bo‘ldi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ochiq, konstruktiv va do‘stona muzokaralar chog‘ida tomonlar ikki yoqlama hamkorlikning barcha jabhalari, jumladan, suv resurslari va energetikadan foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, iqtisodiy hamkorlik va transport-logistika masalalari bo‘yicha muhokama o‘tkazdi.  

Muzokaralar davomida tomonlar 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Madaniyat va san’at sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish doirasida qo‘shma tadbirlar rejasini tasdiqladi. Shu ma’noda, bugungi kunda madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi ham “xalq diplomatiyasi” mexanizmidan faol foydalangan holda tinch va farovon hayotni asrash, xorijiy mamlakatlar, xususan, Qirg‘iziston Respublikasi bilan do‘stona munosabatlar va madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, ayni mamlakatdagi hamyurtlar bilan yaqin va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.  

Gumanitar, madaniy, ma’rifiy va axborot sohalarida xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Qo‘mita “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyati bilan keng ko‘lamda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida Qirg‘iziston Respublikasida istiqomat va ijod qiluvchi o‘zbek yozuvchi va shoirlarning O‘zbekistonga tashrifi munosabati bilan uchrashuv tashkil qilingani ham bu boradagi ishlarning amaliy davomi bo‘ldi. Unda Qo‘mita ma’sul xodimlari, “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyati faollari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, Respublika qirg‘iz milliy madaniy markazi a’zolari, adabiyotshunos olimlar, Qirg‘iziston Respublikasidan tashrif buyurgan mehmonlar qatnashdi.  

Qo‘mita raisi R.Qurbonov ushbu tadbir ikki qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va millatlararo totuvlikni ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.  

O‘z o‘rnida, mehmonlar ham o‘zbek va qirg‘iz xalqlari azal-azaldan do‘stlik va inoqlikda yashagani, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi aloqalar bu yil mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarliganini e’tirof etdi.

Tadbir davomida o‘zaro fikr almashilib, hamkorlikni yanada kengaytirish borasida so‘z bordi.

Qayd etish joizki, qo‘shni mamlakat delegatsiyasi tarkibida O‘sh va O‘zgan shaharlaridan kelgan 14 nafar shoir va yozuvchi, shuningdek, OAV vakillari o‘rin olgan. 3 kun davomida mehmonlar yurtimizning boy madaniy-tarixiy merosi, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar bilan yaqindan tanishadi.

Dasturdan shuningdek, poytaxtimizda 2020 yilda bunyod etilgan G‘alaba bog‘i va "Shon-sharaf" davlat muzeyiga sayyohat hamda “Adiblar xiyoboni, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif va uchrashuvlar ham o‘rin olgan.

N.Usmonova, O‘zA