Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DOSAAF 95 yoshga to‘lmoqda: yubileyga bag‘ishlangan esdalik nishonlari ta’sis etildi
12:30 / 2022-01-20

MDH DOSAAF (Armiya, aviatsiya va flotga ko‘maklashuvchi ko‘ngillilar jamiyati) ittifoqi Markaziy kengashining navbatdagi XI-plenumi bo‘lib o‘tdi.

Ittifoqqa a’zo davlatlarning mudofaaga ko‘maklashuvchi tashkilotlari ishtirokida videoselektor shaklida kechgan mazkur anjumanda a’zo tashkilotlar o‘rtasida yoshlarni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish bo‘yicha tajriba almashish, bu borada hamkorlik aloqalarini kuchaytirish hamda joriy yilning 23 yanvar kuni DOSAAF tashkil etilganiga 95 yil to‘lishi munosabati bilan ushbu sanani munosib nishonlash masalalari muhokama qilindi. Mazkur yubiley sanaga bag‘ishlangan esdalik nishonlari ta’sis etilgani ma’lum qilindi.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi raisi polkovnik Husan Botirov so‘z olib, bugungi kunda tashkilot tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish hamda ommaviy texnik kasb mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.

U, shuningdek, MDH DOSAAF ittifoqiga a’zo davlatlarning mudofaaga ko‘maklashuvchi tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga doir takliflarini bildirdi. Plenum yakunida yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan tegishli qaror loyihalari ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi. Eslatib o‘tamiz, MDH DOSAAF ittifoqiga 1992 yil sentyabrda Toshkent shahrida asos solingan bo‘lib, hozirda unga Rossiya, Belarus, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston a’zo.

Laziz BO‘RONOV,
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
«Vatanparvar» tashkiloti matbuot kotibi