Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Do‘rmon bahori” IV adabiy forumi boshlandi
19:05 / 2025-05-24

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan "Do‘rmon bahori" IV adabiy forumi tashkil etildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda barcha millat va elat vakillarining samarali ijod qilishi yo‘lida keng imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.

[gallery-23569]

–  Prezidentimiz yoshlar ta’lim-tarbiyasini yanada takomillashtirish, ularni ma’rifatli insonlar etib kamolga yetkazish borasida yangi va dolzarb tashabbuslarni ilgari surmoqdalar, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Aytish kerakki, uyushmamiz, Adiblar xiyoboni kitobxonlikni rivojlantirish, adabiyotimizni targ‘ib etish borasida tunu kun bedor faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu maskanlar turli adabiy anjumanlar, she’riyat bayramlari, ijodiy loyihalar tinmaydigan go‘shaga aylandi. Bu yilgi “Do‘rmon bahori” IV adabiy forumi adabiy injumanining o‘ziga xos jihati ona tilimizni, O‘zbekistonimizni cheksiz mehr va ehtirom bilan sevadigan inson, mohir tarjimon, shoir, yozuvchi va publitsist Nikolay Ilin tavalludining 75 yilligi bilan uyg‘un tarzda nishonlanmoqda. O‘zbek she’riyati namoyandalari – Navoiy, Bobur, Cho‘lpon, XX asrning zabardast shoirlari, bugungi kundagi mohir ijodkorlar asarlarining Nikolay Ilin  tarjimasidagi namunalari xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilgan.

-  Darhaqiqat, bugungi kunda adabiyotga qaratilayotgan e’tibor turli tillarda ijod qilayotgan yozuvchi va shoirlarni ham zo‘r ilhom va ishtiyoq bilan qalam tebratishga chorlamoqda, - dedi Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyati bo‘limi rahbari, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir. – Bu ijodkorlar safida o‘zining odamiyligi, kamtar va kamsuqumligi, samimiyati va o‘zbek tiliga cheksiz mehr va e’tibori, qat’iy tartib va intizomi bilan ajralib turadigan ijodkor Nikolay Ilinning borligi diqqatga sazovor.

Forum davomida Nikolay Ilinning 75 yilligi keng nishonlandi. Uning ijodi, faoliyati xususida batafsil so‘z yuritildi. N.Ilin  ijodiga oid “Vetvi volshebnogo dereva”, “Hayot go‘zal bag‘oyat”, “”Kolya aka” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Anjuman doirasida shuningdek, “Tanqid adabiyot janri sifatida” rukni ostida “Slovovipleski” tanlovi ishtirokchilarining ijodi batafsil tahlil etiladi.  

“Farg‘ona she’riyat maktabi”, “O‘zbek tilidan ruschaga tarjimaning o‘ziga xosligi” (Farida Afro‘z ijodi misolida), “Adabiyot va fan hamkorligi” nomli adabiy muhokamalar bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga, turli tillarda ijod qilayotgan shoir va yozuvchilar asarlarining taqdimoti o‘tkaziladi.

Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari