O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan "Do‘rmon bahori" II adabiy forumi tashkil etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Rusiyzabon adabiyot kengashi rahbarining o‘rinbosari Galina Dolgaya, adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov va boshqalar mazkur forum ijodkorlarning o‘zaro fikr almashishi uchun qulay maydon ekanini ta’kidladilar.
- Mamlakatimizda bugun kechayotgan ochiqlik, yangilanish siyosati adabiyotimizda ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda, - dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid.- Diyorimizda rus adabiyotining rivojlanishi o‘ziga xos yo‘lni bosib o‘tgan. Anna Axmatova, Aleksey Tolstoy, Vsevolod Ivanov, Korney Chukovskiy kabi shoir va yozuvchilarning Ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkentdan boshpana topgani, ularning ijodida ham yaxshi ma’noda o‘ziga xos iz qoldirgan. Keyingi yillarda adabiy sohadagi aloqalarimiz tobora rivojlanib bormoqda. Bu adiblarimizning asarlarini tarjima qilishda, ijodkorlarning asarlarini chop etishda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
- O‘zbek adabiyoti qadimdan mangu mavzularga murojaat etishi bilan jozibadordir, - dedi shoir va tarjimon Nikolay Ilin.- Yana bir jihati o‘zbek she’riyatining syujeti emas, uslubi kuchli. Buni o‘quvchiga yetkazib berish tarjimonlardan katta mahorat talab etadi. Yurtimizda adabiyotga qaratilayotgan e’tibor kitobxon yoshlarni tarbiyalaydi.
Bu yilgi "Do‘rmon bahori" adabiy forumi o‘zbek va rus qalamkashlari, olimlari, tarjimonlarining o‘zaro ijodiy muloqoti tarzida o‘tkazildi. Anjumanda qirg‘izistonlik yozuvchi va publitsist Sergey Dudashvili, "Literaturnыy Kыrgыzstan" jurnali tahrir hay’ati a’zosi Vyacheslav Kadirov ishtirok etdi.
Forum ko‘p millatli Vatanimiz adabiy muhitining bugungi kuni va istiqbollari haqida fikr almashish, tajribali va yosh shoir-yozuvchilar o‘rtasidagi muloqot, yosh ijodkorlarning Respublika Zomin seminariga tayyorlanish, yoshlar uchun mahorat darslarini o‘tkazish maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ko‘p yillardan buyon Qozoq, Tojik va Rusiyzabon adabiyot ijodiy kengashlari faoliyat olib boradi. Bu kengashlar qozoq, tojik, rus tillarida ijod qiluvchi shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar va dramaturglarni o‘z atrofiga birlashtirgan.
O‘zbekiston adabiy muhitida ushbu tillarda ijod qiluvchi shoir va yozuvchilarning munosib o‘rni bo‘lib, ular yurtimiz madaniy va ma’naviy hayotini ajoyib asarlar bilan boyitgan.
Jumladan, rus tilida ijod qilgan Zoya Tumanova, Yavdot Ilyosov, Aleksandr Faynberg, Mixail Gar kabi so‘z ustalari yaratgan asarlar mamlakatimiz ma’naviyatining xazinasiga ulush bo‘lib qo‘shilgan.
O‘zbek adabiyotini rus tili orqali xorij mamlakatlarida tanitish ishlarida aynan yurtimizda ijod qilayotgan shoirlar, yozuvchilar va tarjimonlar katta hissa qo‘shganlar.
Bugungi kunda o‘zbek she’riyati va nasrini rus tiliga mahorat bilan o‘girishda Raim Farxodiy, Yevgeniy Abdullayev, Nikolay Ilin, Bax Ahmedov, Larisa Yusupova kabi badiiy tarjima ustalarining xizmatlari katta.
"O‘zbekistonning zamonaviy adabiyoti", "Adabiyotlarning o‘zaro boyishi", "O‘zbekistondagi rus she’riyati o‘zbek tiliga tarjimada", "Hujjatli-tarixiy nasrning jozibali tomonlari" mavzusida adabiy suhbat, muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida she’riyat, nasr, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti yo‘nalishlarida Rustam Musurmon, Galina Dolgaya, Adhambek Alimbekov, Larisa Yusupova, Suvon Meli, Kavsar Turdiyeva, Risolat Haydarova, Nikolay Ilin, Davron Rajab kabi taniqli shoir, yozuvchi va tarjimonlar ijodiy suhbatlar o‘tkazishdi.
Forum doirasida she’riyat oqshomi, rassomlar ijodidan iborat badiiy ko‘rgazma, musiqali kecha bo‘lib o‘tdi.
Forumda yoshlarning ijod namunalari ko‘rib chiqilib, eng yaxshilari Zomin seminari uchun tanlab olindi.
Nazokat Usmonova, O‘zA