Dorixonalarda spirt o‘rniga loson berilgani aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Sirli mijoz” tadbiri doirasida dorixonalar faoliyati o‘rganildi. Tekshiruvlar davomida 20 dan ortiq dorixona qamrab olindi va taxminan 25 foizida tibbiy spirt so‘ralganda uning o‘rniga loson taklif etilgani aniqlandi.
Ma’lumki, 70 foizli tibbiy spirt sog‘liqni saqlash sohasida sterilizatsiya, yaralarni davolash va jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladi. Loson esa kosmetik mahsulot bo‘lib, tibbiy maqsadlarda spirt o‘rnini bosa olmaydi.
Ushbu holat iste’molchilarni chalg‘itishi va sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin. Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tegishli xat kiritildi, shuningdek, qonunbuzarlik alomatlari bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi belgilandi.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarga to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etish qonunchilik talabi ekanini eslatib o‘tadi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA