Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilmurod Ismoilov Namangan shahridagi dorixonalar faoliyatini o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida mamlakatimizda dori-darmonlar sifatining yaxshilanishi hamda qalbaki dori vositalariga qarshi kurashish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, ishlab chiqilayotgan qonunlar haqida fuqarolarga keng tushunchalar berildi.
Deputat dori-darmonlarning narxlari oshib borayotgani, bu esa fuqarolarimizni qiynayotgan muammolardan biri ekanini ta’kidladi. Fuqarolar, ya’ni iste’molchilarning fikr-mulohazalari tinglanib, sohani rivojlantirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi. Aholi salomatligini yaxshilash, sifatli va arzon dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha ishlarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
***
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi "Adolat" SDP fraksiyasi rahbari Robaxon Maxmudova Farg‘ona viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.

Bugungi kunda markaz aholiga ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida moddiy-texnik bazasinii mustahkamlash, bemorlar uchun sharoit yaratish hamda bo‘limlarni zamonaviy loyihalar asosida ta’mirlash ishlariga alohida e’tibor qaratmoqda.
Fraksiya rahbari o‘rganishlar jarayonida markazning klinik laboratoriya bo‘limi zamonaviy 11 turdagi yuqori texnologik avtomatik analizatorlar bilan jihozlanishi natijasida tahlillar aniqligi oshgani, bu esa bemorlarga to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolashda yuqori natijalarga erishishga zamin yaratayotganiga guvoh bo‘ldi.

Tibbiy xizmat sifatini takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bilan bir qatorda, xorijiy davlatlarda magistraturani tamomlagan, ilmiy darajaga ega yosh iqtidorli kadrlarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratilishi, albatta, ijobiy natijalar berishi ta’kidladi.
Fraksiya rahbari markazda davolanayotgan bemorlar bilan ham yuzma-yuz muloqot qildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA