Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmatining xabariga ko‘ra, shu kunlarda Jinoyat qidiruv boshqarmasi va uning joylardagi bo‘lim hamda bo‘linmalari tomonidan profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Unga ko‘ra viloyat hududida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, egallash, tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni o‘tkazish, iste’mol qilishga jalb etish, ishlab chiqarish yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoiy hatti-harakatlarga qarshi keskin kurashish borasida keng ko‘lamli tezkor reyd tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri viloyatning G‘ijduvon tumanida o‘tkazildi.
2020 yil 14 noyabr kuni soat 16:00larda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi va G‘ijduvon tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Natijada G‘ijduvon tuman “Chorsu” MFY Chorsu ko‘chasida joylashgan “Puls med farm” MCHJ rahbari M.T. ga qarashli dorixonada qonunbuzarlik holati aniqlandi. Tarkibida sof vazni 7,4 grammga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi “fenobarbital” psixatrop moddasi, 37 ta dori o‘ramidagi jami 370 dona dori tabletkalari, shuningdek, tarkibida sof vazni 0,4 grammga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi “tramadol gidroxlorid” psixatrop moddasi bo‘lgan 4 dona “Tramadol” dori ampulalarini va tarkibida sof vazni 3,675 grammga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi “tramadol gidroxlorid” psixatrop moddasi bo‘lgan 10 dona dori o‘ramidagi jami 98 ta tabletkalarni kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan M.T. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif KOMILOV, O‘zA