Toshkent viloyatining Qibray tumanida “Herbo-farm” klasteri mazkur yoʻnalishda oʻz faoliyatini boshlagan.
Qaror va ijro
Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida klaster tizimi tashkil etilishi bir qator yoʻnalishlar qatorida farmatsevtika sanoatida ham dorivor oʻsimliklarga boʻlgan talabni qondirish bilan birga, qayta ishlash hajmini koʻpaytirish va qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish, sohaning eksport potensialini oshirish borasida keng koʻlamli ishlarga zamin yaratdi.
Prezidentimizning 2020-yil 10-apreldagi “Yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohadagi yana bir tarmoqning rivojlanishiga asos boʻldi. Natijada yovvoyi holda oʻsuvchi noyob dorivor oʻsimliklarni saqlash, madaniy holda koʻpaytirish uchun onalik maydonlari barpo etish, koʻchatchiligi va urugʻchiligini tashkil etish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2019-yil 11,5 ming gektar maydonda dorivor oʻsimliklar yetishtirilgan boʻlsa, joriy yil bahor mavsumining oʻzida 1,3 ming gektar maydonda ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir boʻlgan 37 turdagi bir yillik va koʻp yillik dorivor oʻsimliklar ekilib, parvarishlanmoqda.
Toshkent viloyatining Qibray tumanida “Herbo-farm” klasteri mazkur yoʻnalishda oʻz faoliyatini boshlagan. Uning tasarrufidagi 8 gektar yer maydonida 5 turdagi dorivor oʻsimlik yetishtirilmoqda. Kelgusida maxsus plantatsiyalarni kengaytirish hisobiga dorivor oʻsimlik turlarini 10 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, klaster tomonidan 3 turdagi shifobaxsh giyoh koʻchatchiligi ham yoʻlga qoʻyilgani ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari bilan hamkorlikni kengaytirishga imkon yaratdi.
Shuningdek, Oʻrta Chirchiq tumanida ish boshlagan “Healing herbs and organics” klasteri tasarrufidagi 80 gektar yer maydonining 15 gektarida steviya oʻsimligi, 45 gektarida itburun naʼmatak, 5 gektar maydonda oddiy shumrut kabi dorivor oʻsimliklar koʻpaytirilmoqda.
– Kelgusida dorivor oʻsimliklar yetishtirish va uning eksporti borasida yetarlicha tajribamizni yana-da oshirib, mavjud yer maydonlarni 500 gektarga yetkazishni rejalashtirdik, – deydi “Healing herbs and organics” klasteri rahbari Xabibjon Davlatov. – Natijada 50 ta ish oʻrni yaratiladi. Eng muhimi, nafaqat dorivor oʻsimliklar xom ashyosi yetishtirish, balki uni qayta ishlash boʻyicha amaliy ishlar boshlanganidir. Ekilgan steviyadan shakar oʻrnini bosuvchi modda ajratib olish uchun qayta ishlash korxonasini qurish ishlarini boshlaganmiz. Kelgusida korxona tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar qandli diabet bemorlari uchun shakar oʻrnini bosadi. Shu bilan bir qatorda, oziq-ovqat sanoatida import qilinadigan shifobaxsh mahsulotlarni mahalliylashtirish imkoni ortadi.
Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi “Vmb trade group” kompaniyasi ham faoliyatini klaster usulida boshlamoqda. Ular Italiya kompaniyasi bilan umumiy qiymati 25 million yevro miqdorida zaʼfaron (shafran) yetishtirish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirish boʻyicha investitsiya shartnomasi imzolagan.
Loyihaning asosiy maqsadi tuman hududida zaʼfaron va boshqa dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, maxsus plantatsiyalarni tashkil etish va ularni sanoat usulida qayta ishlashni taʼminlashdir. Shuningdek, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirib, Italiya va Yevropaning boshqa mamlakatlariga eksport qilish moʻljallangan.
Buning uchun Baxmal tumani hokimligi tomonidan “Tongotar” qishloq fuqarolar yigʻini hududidan 400 gektar yer maydoni ajratildi. Tez fursatda yerlar ekishga tayyorlanib, 200 gektarda Italiyadan keltirilgan zaʼfaron tuganak piyozlari ekiladi. Ilk hosil shu yilning oktyabr-noyabr oylarida terib olinishi rejalashtirilgan. Ishni samarali tashkil etish maqsadida xorijdan malakali agronom, texnolog kabi mutaxassislar jalb etiladi.
Loyihaning amalga oshirilishi mamlakatimizda keng miqyosda zaʼfaron yetishtirilishi, farmatsevtika korxonalari mahalliy xom ashyo bilan taʼminlanishi hamda eksport hajmini oshirishda muhim omil boʻlishi kutilmoqda.