Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dorishunoslikdagi muammolarga bag‘ishlandi
20:04 / 2023-12-03

Namanganda Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan farmatsevtika va elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarishni yanada qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Davlatobod tumanidagi “Madaniyat markazi”da tashkil etilgan muloqotda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov, Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari Okibjon Inomov, tibbiyot muassasalari xodimlari, farmatsevtika ishlab chiqaruvchilar va dorixona rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida, viloyatdagi dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hamda xizmat turlaridan iborat ko‘rgazma tashkil etildi. Uchrashuvda viloyatdagi 15 dan ziyod dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar, 300 dan ortiq dorixonalar, viloyat, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari, oilaviy poliklinika rahbarlari tibbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan bugungi kunda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish yo‘lida yaratilayotgan shart-sharoitlardan kelib chiqib yangi loyihalarni amalga oshirish, korxonalar faoliyatini kengaytirish, eksport-import masalalarida bir qator takliflar bildirildi.

Hozirda mamlakatimizda yiliga iste’mol qilinadigan 1,6 milliard dollarlik dori-darmon vositalarida mahalliy mahsulotlarimizning ulushi bor-yo‘g‘i 18 foizni tashkil etmoqda. Uchrashuvda qayd etilganidek, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun eng avvalo, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarur.

Dorishunos tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotda, shuningdek, viloyatdagi har bir tibbiy mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning muammolari o‘rganilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini oshirish, farmatsevtika mahsulotlarining davlat xaridlarini tashkil etishda ularning taklifini ko‘rib chiqishni takomillashtirish haqida ham fikr bildirildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.