Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat DXX, IIB hamda IJQK departamenti xodimlari bilan hamkorlikda Navoiy shahrida tezkor tadbir o‘tkazdi.
Fuqaro A.A “Express Mail Universal” MCHJning Qo‘qon filiali orqali sotish uchun jo‘natilgan 15 ming 450 dona tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan dori vositalarini Navoiy shahrida Sh.Z. ga topshirgan va shartli xaridorga 2 million 985 ming so‘m pul evaziga berayotgan vaqtida ushlangan.
Shundan so‘ng tadbir Qo‘qon shahrida davom ettirilib, A.A o‘zining yashash xonadonidan o‘z ixtiyori bilan 8 qutida 240 dona, shuningdek, Toshkent shahri, Sirg‘ali tumani, Porloq ko‘chasida joylashgan ombordan yana 199 qutida 5970 dona dori vositalarini topshirgan.
Tezkor tadbir natijasida jami 222 qutidagi 6600 dona dori vositalari vaqtincha saqlovga olingan. Bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasining ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tekshirish uchun taqdim qilingan dori vositasida “Sibutramin” moddasi mavjudligi aniqlangan.
Ayni paytda fuqaro A.A. ga nisbatan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda olish, saqlash va jo‘natishda ifodalangan xatti-harakatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri