English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazi tashkil etildi
13:22 / 2022-04-28

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14 apreldagi tegishli qarori bilan Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazi tashkil etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi markaz muassisi hisoblanadi.

Dori vositalari klinik tadqiqotlarini xalqaro etik va ilmiy standartlar talablariga muvofiq tashkil etish, respublika hududida klinik tadqiqotlarni rivojlantirish hamda klinik bazalarni jahon standartlari asosida modernizatsiya qilishni muvofiqlashtirish, “Zarur klinik amaliyot (GCP)” talablariga muvofiq dori vositalarinining klinik tadqiqotlarini o‘tkazishni tashkil etish, jenerik dorilarning original dorilarga farmokologik bioekvivalentligini aniqlash, klinik tadqiqot sub’ektida dori vositalarining farmakokinetik tadqiqotlarini o‘tkazish markazning asosiy vazifalari etib belgilandi. 

Markaz Zangiota tumanidagi “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududiga joylashtiriladi. Qurilish, tibbiy texnika, klinik va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash ishlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish loyihasi doirasida Koreya Eksimbanki (EDCF) jamg‘armasi kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi. 

Markaz pullik xizmatlar ko‘rsatadi. Qolaversa, xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar va donor mamlakatlar mablag‘larini jalb qiladi. 

O‘zA