Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dori vositalarini noqonuniy olib kirishning oldi olinmoqda
16:58 / 2017-02-13

Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Xorijdan keltiriladigan dori vositalari, tibbiy buyumlar, shuningdek, tibbiyot asbob-uskunalari hamda mamlakatimizda dori vositalarini ishlab chiqarishda foydalanish uchun qo‘llaniladigan xomashyolarga nisbatan bojxona to‘lovlarida turli imtiyozlar joriy etilgan.

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 24-moddasiga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni eksport va import qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2016-yil 8-iyunda tasdiqlangan Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq, jismoniy shaxslar shaxsiy foydalanish uchun turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori vositalari, shuningdek, 5 birlikdan ortiq bo‘lmagan tibbiy buyumlarni olib kirishlari yoki olib chiqishlari mumkin. Bu jarayondagi eng muhim talablardan biri, bojxona orqali shaxsiy maqsadlarda olib o‘tilayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchining o‘ramida bo‘lishi kerak.

Shunga qaramay, tadbirkorlikning soxta yo‘lini afzal bilgan ayrim ustamonlar bojxona nazoratidan yashirin ravishda farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy buyumlarni olib o‘tishga urinmoqda.

2016-yilda “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 130 dan ortiq qonunbuzarlik holatida qiymati 2,4 milliard so‘mdan ortiq dori vositalari va tibbiy buyumlarning yashirin olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.

Misol uchun, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan Moskva – Toshkent reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan A.To‘xtayevga (barcha ism-familiyalar o‘zgartirilgan) tegishli bagaj bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, ushbu shaxs yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan hamda bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan 150 dona sun’iy eshitish moslamalarini bojxona nazoratidan yashirin ravishda olib kirishga uringani aniqlandi.

Ushbu shaxs qiymati salkam 153 million so‘mlik mazkur tibbiy buyumlarni ularning o‘ramlarisiz olib kirishga harakat qilgan. Shu bois dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bo‘yicha mutaxassislar mazkur sun’iy eshitish moslamalarini O‘zbekiston Respublikasida qayd etilgan dori vositalari va tibbiy buyumlar Davlat reyestriga kiritilganligi to‘g‘risida ma’lumot berish hamda tahlil ishlari olib borish imkoni yo‘q, degan to‘xtamga keldi. Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Poytaxtlik G.Usmonova Dehlidan qaytayotib, poytaxt aeroportida ko‘z uchun mo‘ljallangan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan 390 dona dori vositasini yashirincha olib o‘tishga uringan paytda to‘xtatib qolindi. Istanbuldan qaytgan fuqarolar A.Umirov, U.Hamidova, L.Atoyev, X.Yagmurov, shuningdek, Dehlidan uchib kelgan A.Turg‘unov ham dori vositalarini yashirin ravishda bojxona chegaralaridan olib o‘tishga uringan paytda fosh qilindi. Ushbu qonunbuzarlik holatlarida ular tomonidan jami qiymati 4 million so‘mdan ortiq bo‘lgan 405 dona dori vositasining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi.

Turkiyadagi safarini yakunlab, mamlakatimizga kelgan xorijiy fuqarolardan biri V.Sodiq ham bojxona qoidalarini buzishga uringan. U yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham, og‘zaki so‘rovlar paytida ham ma’lum qilmasdan turib, 37 dona stomatologiya plombalarni olib kirishga uringan ekan.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.