English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dori vositalarini mahalliylashtirish ko‘rsatkichlari oshmoqda
15:31 / 2025-05-22

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Adolat” SDP fraksiyasi bilan hamkorlikda “Aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash — davr talabi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda deputatlar, mutaxassislar va ekspertlar sohadagi yutuqlar, shu bilan birga, mavjud kamchilik va muammolar, ularni bartaraf etish hamda qonunchilikni takomillashtirish masalalarini qizg‘in muhokama qildi.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, yurtimiz aholisini arzon va sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnika bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Sohaga oid 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, ular aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilash, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda.  

Qayd etilganidek, 2020-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida har yili 300 turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish joriy etildi. Natijada o‘tgan yillarda stomatologiya, onkologiya, toksikologiya hamda pulmonologiya guruhlariga kiruvchi dori vositalarini mahalliylashtirish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshdi.  

Tadbirda so‘z olgan deputatlar dori vositalari bozoridagi narxlarni tartibga solish, milliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish, davlat xaridlarida ochiqlik va raqobat muhitini shakllantirish masalalariga e’tibor qaratdi. Shuningdek, qonun va qonunosti hujjatlarning ijrosini muntazam o‘rganib borish, sohada yechimini kutayotgan masalalarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.  

M.Komilova, O‘zA