Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dori vositalari realizatsiyasi tartibini buzganlik uchun jarimalar oshiriladi
18:29 / 2025-10-13

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab Prezidentimizning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo — Rossiya" formatidagi ikkinchi sammitida so‘zlagan nutqining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, mazkur nutqda strategik sheriklikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va umumiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan bir qator aniq takliflar ilgari surildi. Ushbu tashabbuslar o‘zaro ishonchni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi. 

Shundan so‘ng yig‘ilishda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari, tibbiy buyumlar bilan ta’minlash hamda farmatsevtika mahsulotlari muomalasini tartibga solishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy muomalasi, ularni qonunga xilof ravishda realizatsiya qilish va inson hayoti uchun xavfli oqibatlarga sabab bo‘layotgan holatlar kuzatilmoqda. 

Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga retsept asosida beriladigan dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi jazo choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda. Xususan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, shunday harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan holatlarda jinoiy javobgarlik belgilash va ikki yuz baravardan uch yuz baravargacha miqdorda jarima jazosi nazarda tutilyapti.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lmagan dori vositalarini hamda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun amalda belgilangan jarimalar miqdorini oshirishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasi aholi salomatligini ishonchli himoya qilish, dori vositalarini realizatsiya qilish talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga qaratilganligini ta’kidladi. Ayrim normalar bo‘yicha takliflar bildirildi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA