Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18, 19, 20, 21-moddalari ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Andijon, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarma mas’ullari ishtirok etdi.
– 2020-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida 2020 yilda 2,4 trln. so‘mlik, 2021 yilda 3,6 trln. so‘mlik, 2022 yilda 4,1 trln. so‘mlik farmatsevtika mahsulotlari, ya’ni har yili 300 turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish joriy etilgan, – deydi deputat Zumrad Bekatova. – Natijada o‘tgan yilda stomatologiya, onkologiya, toksikologiya hamda pulmonologiyada qo‘llaniladigan dori vositalarini mahalliylashtirish darajasi oshgan. Shuningdek, investitsiya dasturiga kiritilgan 42 ta investitsiyaviy loyiha doirasida birgina 2022 yilda 83,3 mln. dollar investitsiya mablag‘larining jalb qilinishi hamda umumiy qiymati 31,5 mln. dollarlik 10 ta loyihaning ishga tushirilishi natijasida 437 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Qo‘mitamiz tomonidan avgust oyida “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18, 19, 20, 21-moddalari ijrosi Andijon va Farg‘ona viloyatlari misolida o‘rganildi. Bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan. Masalan, Andijon viloyatida bugungi kunda 11 ta, Farg‘ona viloyatida 11 ta, Sirdaryo viloyatida 10 ta farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud. Ular tomonidan ginekologiya, nevrologiya, kardiologiya, pulmonologiya, endokrinologiya kabi terapevtik yo‘nalishdagi dori vositalari va boshqa tibbiy buyumlar ishlab chiqarilmoqda.
Muhokamalarda xalq vakillari hududlardagi dori-darmonlar va tibbiy vositalar bilan ulgurji savdo qiluvchi tashkilotlar va dorixonalarda realizatsiya qilish hamda saqlash qoidalarining bajarilishi holati bo‘yicha logistika tizimini tartibga solish lozimligini qayd etdi. Shuningdek, ayrim shifokorlar tomonidan belgilangan retsept blankalarida dori vositalarining nomi xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha yozilmayotgani, dorixonalar tomonidan ham retseptsiz realizatsiya qilinayotgani tanqid qilindi.
Bu kabi holatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat qilish imkoni mavjud emasligi, jazo choralarini qo‘llash uchun mas’ul organ belgilanishi hamda nazoratni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Yig‘ilishda sohaga oid qonunchilikka zarur o‘zgartirishlar kiritish, dori-darmon siyosatini nazoratga olishga doir takliflar muhokama qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA