Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dori narxi emas, shifokor yozib berayotgan retsept qimmat( +video)
12:31 / 2022-06-01

Namanganda "Dori-darmon" aksionerlik jamiyati tomonidan “Namangan dori-darmon” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda “Inson salomatligi yo‘lida” mavzusida matbuot anjumani va press-tur tashkil etildi.

Unda jamiyat faoliyat yo‘nalishlari, 2022 yil birinchi choragi davomida erishgan natijalari haqida ma’lumotlar berildi. Qayd etilganidek, 60 yillik tarixga ega  “Namangan dori-darmon” AJ tarkibida 9 ta dorixona va ularga qarashli 150 ta dorixona shoxobchasi mavjud. Jamiyat tomonidan o‘tgan yilda 55 milliard 124 million so‘mlik, joriy yil birinchi choragida esa 8 milliard 513 million so‘mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari olib kelingan.

Ta’kidlanganidek, Namangan viloyatida Prezidentimizning 2018 yil 14 fevraldagi “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan aholiga arzon narxlarda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida ijtimoiy dorixonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shunday aptekalarning 10 tasi markaziy dorixonada, 15 tasi oddiy shoxobchada, 57 tasi qishloq vrachlik punktlarida, 51 tasi qishloq oilaviy punktlarda, 14 tasi shahar oilaviy poliklinikalarida faoliyat yuritmoqda. 

– Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 22 iyuldagi 204-son qarori bilan ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlash huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifalari ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, ularning dori vositalari uchun sarflanadigan xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi, – deydi “Namangan dori-darmon” aksionerlik jamiyati raisi Rahimberdi Qosimov. – Ushbu toifalarga kiruvchi bemorlarga jamiyat tizimidagi dorixonalardan 2021 yilda jami 904 million 35 ming so‘m, 2022 yil yanvar-mart oylarida 178 million 600 ming so‘mlik dori vositalari bepul berilgan. Jamiyatimizda maxsus jihozlangan “Isuzi” va “Damas” rusumli avtomashinalarda 10 ta ko‘chma dorixona shoxobchasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ular ko‘magida viloyatning chekka hududlaridagi aholiga kerakli dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari yetkazib berilmoqda. 

Jamiyat tizimida “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Isvaxon mahallasida 6-sonli dorixona va Mingbuloq tumanidagi Madaniyat mahallasidagi “O‘zgarish” qishloq vrachlik punkti binosida 32-sonli dorixona filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

– Dori vositalari va tibbiy buyumlar dorixona peshtoqlariga qo‘yilgunicha bir nechta bosqichni bosib o‘tadi, – deydi “Namangan dori-darmon” aksiyadorlik jamiyatining farmatsevtika ishini tashkillashtirish bo‘limi boshlig‘i Rustamjon To‘ychiyev. – Ba’zan aholi o‘rtasida ukol-dorilar qimmat, degan noroziliklar bo‘ladi. Tizimda referent narxlarni shakllantirishda mamlakatimiz iqtisodiyotidan yuqori yoki o‘rtachadan yuqoriroq va tarifi pastroq referent davlatlar o‘rganilganda, narxlar bizda ancha arzon ekanligi aniqlandi. Demak, bizda dori vositasi emas, balki bemorga yozib berilgan retsept qimmat. 

Masalan, mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan keng ko‘lamda foydalaniladigan antibiotikning o‘rtacha narxi 4,5 ming so‘m, O‘zbekistonga chet eldan kirib kelayotgan shu nomdagi antibiotik 20 xil nomdagi sinonim bilan davlat patenti ro‘yxatidan o‘tkazilgan holda narxi 50 ming so‘mgacha. Xorijiy kompaniyalarning shifokorlarga yaxshi daromadli hamkorlik taklif etayotgani natijasida bemorlarga o‘zimizning mahalliy 5 ming so‘mga bormaydigan oddiy bir dorining o‘rniga, u bilan bir xil, ammo nomi boshqa bo‘lgan 50 ming so‘mlik dori yozib berilmoqda. Ushbu dori vositasining muolaja kursi bemorga o‘zimizning dorilarga qaraganda 10 baravar qimmatga, ya’ni 500 ming so‘mga tushmoqda. Norozilik kelib chiqishining asosiy sabablari shunda. O‘ylaymizki, bu borada bizdan yuqori turuvchi tashkilotlar, tegishli davlat idoralari tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘riladi. 

[gallery-7380]

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida” gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida jamiyatga qarashli barcha dorixona, shoxobchalar mudirlari o‘rtasida qayta o‘quv-seminarlar tashkil etildi. Tayyor dorilarni sotish, retseptura ishlab chiqarish va imtiyozga ega bemorlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limlarida jurnalist va blogerlarga retsept asosida individual dori tayyorlashning afzalliklari, bugungi kunda talab ko‘p bo‘lgan dori vositalari haqida ma’lumot berildi. 

Ishtirokchilar Uychi tumanidagi 10-sonli ijtimoiy dorixonada bo‘ldi. Bu yerda tuman aholisi boshqa dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan bir qatorda, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dori vositalarini imtiyozli asosda olib kelmoqda. Dorixonada tashkil etilgan fitobar 10 yildan buyon dorivor giyohlardan damlama tayyorlab, mijozlar salomatligi uchun o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. 

Jamiyat ayni vaqtda 80dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Shuningdek, xorijdan import qilingan dori vositalari ham bor. Jamiyat tasarrufidagi dorixonalarda sotilayotgan farmatsevtika mahsulotlarining deyali 65 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushiga to‘g‘ri keladi.

<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/WPMEv0FsqHs" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA