Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida endokrinologiya xizmatini yanada rivojlantirish, epidemiologik vaziyatni baholash hamda yod tanqisligi holati yuzaga kelishining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Prezidentimizning aholi salomatligini mustahkamlash, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilashga doir qaroriga binoan joriy yilning 1 iyulidan boshlab homilador va emizikli ayollar hamda 3 - 18 yoshdagi bolalarni yod preparati bilan doimiy ravishda bepul ta’minlash belgilandi.

– Yod yetishmovchiligi oqibatida homiladorlarda homila tushishi, kamqonlik va tug‘ilajak bolada aqliy rivojlanishning pasayishi kabi asoratlar kuzatiladi, – deydi Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva, – Sog‘lom insonning to‘g‘ri rivojlanishi uchun sutkasiga 100-150 mkg. yod zarur bo‘ladi. Homiladorlik davrida yodga ehtiyoj 200 mkg.gacha ortadi.
Toshkent viloyatida aholining kasallikka chalinish xavfi yuqori bo‘lgan guruhlarini o‘rganish va dori-darmonlar bilan ta’minlash ishlari Yangiyo‘l shahridan boshlandi. Bu borada hamshiralar ishtirokida seminarlar, aholi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.
A.Musayev,O‘zA