Dori-darmon narxini oshirishdan koʻra, aholining kasallikka chalinmasligi uchun kurashaylik!
Buni inkor etib boʻlmaydi.
Hozirgi kunda nima koʻp – dorixona koʻp. Har qadamda duch kelasiz. Tunu kun – 24 soat ishlaydiganlari ham bor. Endi bir tahlil qilib koʻraylik: nega dorixonalar bahorda chiqqan qoʻziqorindek, koʻpayib borayapti?
Negaki, dori-darmonga ehtiyoj katta. Bu ehtiyoj afsuski, aholi oʻrtasida turli-tuman kasalliklarning koʻpayib borayotganligi tufayli yuzaga kelayapti, albatta. Buni inkor etib boʻlmaydi. Sababi nafaqat shaharlar markazlarida, balki qishloq va ovullarda ham yangidan yangi va muhtasham dorixonalar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda.
Birgina Qashqadaryo viloyatining oʻzida filiallari bilan qoʻshib hisoblaganda, 914 ta dorixona ishlab turgani va ularning safini yana-da kengaytirish uchun ehtiyoj ortib borayotgani dori-darmonning kamligida emas. Balki bu ehtiyojning asosiy qismi aholining sogʻlom turmush tarziga rioya qilmasligi bois yuzaga kelayotganini ham aytish oʻrinlidir. Buyuk tabib, tib ilmining bilimdoni Abu Ali Ibn Sino “Men oʻzimdan soʻng toʻrtta tabibni qoldirayapman. Ular: quyosh, toza havo, suv va badan tarbiyadir” degan ekan. Yana bir oʻrinda u badantarbiya bilan muntazam shugʻullansangiz, dori ichishga hech hojat qolmaydi, deb taʼkidlagan.
Bizga dorixonalarning koʻpayishi emas, xalqimizning salomatligi kerak. Shunday ekan, kasal boʻlmaylik. Bu axir oʻzimizning qoʻlimizda-ku! Binobarin, qancha kasal odam koʻpaysa, “aptekachilar”ning “kuni tugʻadi”, biznesi rivoj topadi. Toʻgʻri, ular sotayotgan dori-darmon aholining salomatligini muhofaza qilishda, jamiyatda yuz berishi mumkin boʻlgan har qanday holatlarda yetarli darajada yordam tashkil eta olish quvvatiga ega boʻlishi mumkin. Ammo dorixonalarni kimoshdi savdosiga aylantirib yuborish, bu –insofdan emasda.
Nega bu fikrlarni aytayapma? Sababi – pandemiya davrida xalqimiz televideniye, radio, internet va ijtimoiy tarmoqlardan koronavirusga qarshi vaksina yaratilishi, dorixonalarda sotilishi haqida xabarlarni intiqlik bilan kutishmoqda. Baʼzan olgʻir va pulga mukkasidan ketgan kishilar noyob dorilarni koronavirusga davo boʻladi deb, 10-15 baravar qimmat narxda pullab, choʻntagini qappaytirishga urinmoqdalar. Bu yoqda odamlar dard bilan olishib yotgan bir paytda xalqimizni emas halqumini oʻylayotgan kishilar afsuski oramizda bor. Eng yomoni bunday shaxslar dorixonachilar, farmatsevtika sohasi xodimlari orasida ham uchrayotgani juda achinarlidir.
Xabaringiz bor, Prezidentimiz rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida dorixonalar faoliyati qoniqarsiz ekanligi aytilib, hududlarda aholi uchun zarur dori mahsulotlari zaxirasini yaratish boʻyicha tegishli topshiriqlar berilgan edi. Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat Kengashi deputatlaridan tuzilgan ishchi guruh vakillari bugungi kunda ehtiyoj koʻp sezilayotgan koronavirus kasalligi profilaktikasi va turli infeksiyalarga qarshi qoʻllaniladigan dori vositalarining roʻyxatini shakllantirish hamda joylarga ushbu mahsulotlarni yetkazilishi va narxi bilan qiziqdi.
Ayon boʻldiki, viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan koʻplab dorixonalarda, pandemiya sharoitida talab yuqori boʻlgan virus va isitmaga qarshi preparatlar zaxirasi deyarli yoʻq. Borlari ham maʼlum muddatga yetadi. Narxlardagi oʻsishni esa, qatʼiy nazoratga olish zarur.
– Ishchi guruh vakillari bilan dastlab Qarshi shahridagi dorixonalarda boʻldik, – deydi Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Nilufar Oʻtaganova. –Baʼzi dorixonalarda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash uchun umuman sharoit yaratilmagan. Karantin qoidalariga rioya etilmayapti. Ijtimoiy masofani saqlashdagi chiziqlar chizilmagan, qizil lenta tortilmagan hattoki, birontasida risoladagidek harorat oʻlchagich quyilmagan. Borlari ham nomiga ish yuritmoqda. Eng yomoni virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz yuqori narxlarda sotilmoqda. Albatta, bu mijozlarning eʼtiroziga sabab boʻlishi tabiiy. Biz deputatlar ushbu muammolar yuzasidan oʻz takliflarimizni berdik. Shu bois, narxi asossiz oshirilayotgan dori vositalarini markazlashgan holda va belgilangan narxda yetkazilsa, aholi uchun ham tadbirkorlar uchun ham foydali boʻladi.
Bugungi kunda viloyatda 914 ta dorixona va ularning shoxobchalari aholiga xizmat koʻrsatayotgan boʻlsa, ularning 103 tasi “Qashqadaryo dori - darmon” masʼuliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi “apteka”lardir. Bundan tashqari, mazkur
masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan 10 ta harakatdagi koʻchma dorixona faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular Qamashi, Nishon, Shahrisabz, Chiroqchi, Koson, Muborak va Dehqonobod tumanlarida eng chekka va olis qishloqlardagi aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻlida xizmat qilmoqda.
Shu oʻrinda mavzudan sal chetga chiqsam ham aytay: qaysiki davlatda taʼlim-tarbiyaga ajratiladigan mablagʻ qisqartirilsa, alal-oqibat shu mablagʻni qamoqxonalar qurishga sarflashga majbur boʻlinar ekan. Shu maʼnoda aholini sogʻlom turmush tarziga rioya qilishiga erishilmasa, sport bilan muntazam shugʻullanish yoʻlga qoʻyilmasa, aholi ishlab topayotgan real daromadining anchagina qismini dori-darmon sotib olishga sarflashga majbur boʻladi. Zotan, yurtimizda koronavirus pandemiyasining koʻpayib borayotgani, davlatimiz tomonidan koʻp mablagʻ sarflanayotgani zamirida ham oʻzimizning eʼtiborsizligimiz va tibbiy madaniyatimiz pastligi sabab boʻlayotganini yoddan chiqarmaslik kerak. Shunday ekan, dorixonalar sonini koʻpaytirib, dori-darmonlar narxini oshirishdan koʻra, odamlarning kasallikka chalinmasligi uchun kurashaylik.
Arziqul Sherov,
OʼzLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi apparat rahbari, Qarshi shahar Kengashi deputati.