Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Dori-darmon" aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi 24 ta dorixona GPP sertifikatiga ega bo‘ldi
16:00 / 2024-09-10

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 apreldagi «2019-2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 sentyabrdagi «Farmatsevtika sohasiga zarur amaliyotlar (GxP) talablarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida sohada qilinishi lozim bo‘lgan bir qator dolzarb vazifalar belgilangan. Ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida «Dori-Darmon» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tegishli ishlar olib borilmoqda.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda ta’kidlanganidek, «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi kabi farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi mahalliy korxonalar GDP – Zarur distribyutorlik amaliyoti talablariga javob berishi lozim. Xalqaro miqyosda qabul qilingan GDP qoidalariga ko‘ra, farmatsevtika mahsulotlari distribyutorlari o‘z faoliyatini ushbu standartlarga muvofiqlashtirishlari kerak. U Yevropa hamjamiyati tomonidan qabul qilingan va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan yaxshi distribyutorlik amaliyoti tamoyillariga asoslanadi.  

– Prezidentimizning 2024 yil 23 yanvardagi «Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga binoan 2025 yil 1 yanvarga qadar farmatsevtika mahsulotlarini chakana sotish bilan shug‘ullanuvchi tarmoqli dorixonalar, 2026 yil 1 yanvarga qadar boshqa dorixonalar Zarur dorixona amaliyoti (GPP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim, – dedi "Dori-darmon" AK bo‘lim boshlig‘i Sohib Mahmudov.  

Yaxshi dorixona amaliyoti (GPP) – bu jahonning barcha rivojlangan mamlakatlaridagi dorixonalar tomonidan amal qilinadigan xalqaro standart bo‘lib, u farmatsevtlar tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan farmatsevtika xizmatlarining tegishli sifatini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan qoidalardir. 1993 yilda GPP yo‘riqnomasi Xalqaro farmatsevtika federatsiyasi tomonidan qabul qilingan va JSST tomonidan har bir mamlakatning xususiyatlarini hisobga olgan holda milliy standartlarini yaratish uchun asos sifatida tasdiqlangan.  

"Dori-darmon" aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi 24 ta dorixona ham GPP sertifikatiga ega bo‘ldi. Shundan 10 ta dorixona «Farg‘ona Dori-darmon», 5 ta dorixona «Qashqadaryo Dori-darmon» jamiyatlariga tegishli, 9 tasi esa «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasining Toshkent shahrida joylashgan dorixonalari sanaladi.  

Brifingda ta’kidlanishicha, bugungi kunda respublika tizimidagi aksariyat ijtimoiy dorixonalarning Zarur dorixona amaliyoti milliy standarti sertifikatini olishi uchun kerakli ishlar olib borilyapti. Arizalar topshirilib, farmatsevtik inspeksiyalar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, mutaxassislar Zarur dorixona amaliyoti o‘quv kurslarida o‘qitilib, ularning malakasi oshirilmoqda.  

Mohigul Qosimova, O‘zA