Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab joylarda tajribali do‘ppido‘z ustalar, yosh qizlar va faxriy hunarmandlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvlari” tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 23 dekabrdagi “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur uchrashuvlar “ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirish, yosh avlodni milliy hunarmandchilikka keng jalb etish va nomoddiy madaniy merosimizni asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.


Uchrashuvlar davomida ish bilan band bo‘lmagan va hunarga qiziqishi bor xotin-qizlar ustalar bilan bevosita muloqot qilib, do‘ppido‘zlik san’ati, uning turlari va naqshlari, milliy an’analardagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar olishdi.


Taҗribali ustalar nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni yanada rivojlantirish yo‘lidagi o‘z yutuqlari haqida gapirib berdi va yoshlar uchun mahorat darslari tashkil etildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA