Prezidentimizning 2022 yil 27 maydagi qaroriga muvofiq, muzeylar zimmasiga mahalliy va chet ellik sayyohlar uchun qo‘shimcha xizmatlarni joriy etish, Open Air Fest kabi madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlar va mahorat darslarini muntazam asosda o‘tkazish vazifasi yuklangan.
Shu munosabat bilan Amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida o‘zbek milliy bosh kiyimiga bag‘ishlab «DO‘PPI PARTY» ko‘ngilochar tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, do‘ppi o‘zbek milliy libosining ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu ajoyib bosh kiyimini tikish va bezatish O‘zbekiston xalq amaliy san’atining keng tarqalgan turidir. Ilgari bosh kiyimi erkaklar va ayollar uchun bir xil ahamiyatga ega bo‘lgan, do‘ppi bezagi esa, uning sohibining jamiyatdagi ijtimoiy holatini bildirgan. Mazkur bosh kiyimi azaldan fors va turk xalqlari orasida keng tarqalgan. Turkiston xalqlari (ayniqsa O‘zbekiston va Tojikiston hududlarida) u milliy libosning an’anaviy qismi bo‘lgan.

O‘zbek do‘ppilari boshqa xalqlarnikidan o‘ziga xos shakli va bezagiga qarab farqlanadi. Ular asosan duxoba va shoyiga atlas, zarhal iplar bilan tikiladi. Do‘ppi uch qism: aylana yoki to‘rt burchak shaklidagi tepa qismi, kizak – gardish va jiyakdan iborat bo‘ladi.
Respublikamizning turli viloyatlarida ularning shakli va bezagi turlicha bo‘ladi. Do‘ppini asosan xotin-qizlar tikadi, biroq ba’zan erkaklar ham bu ish bilan shug‘ullanadi.
Do‘ppilarning tashqi ko‘rinishi bir-biridan bezagi, badiiy ramzlarining uyg‘unligiga qarab farqlanadi. Har bir viloyatning tabiiy sharoiti, atrof-muhiti, aholi turmush tarzi, an’analari va umumiy madaniyat rivoji ushbu hudud do‘ppisining ko‘rinishiga katta ta’sir qilgan. Masalan, Surxondaryo va Qashqadaryo (ayniqsa, Boysun)da dumaloq do‘ppilarni yorqin iplarda, Buxoroda esa, tilla rang iplar bilan tikishgan.

Farg‘ona vodiysi do‘ppilari eng qadimgi do‘ppilar hisoblanadi. Chust, Marg‘ilon, Qo‘qon, Andijon do‘ppilari ularning yorqin namunalaridir.
Mahorat darslari davomida marg‘ilonlik do‘ppido‘zlar ushbu hududda do‘ppi tikish jarayonini namoyish etdi. Tadbirga tashrif buyurganlar hunarmandchilikning bu turi bilan yaqindan tanishish va hatto, o‘z qo‘llari bilan do‘ppi tikib ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida maxsus musiqiy dastur va ushbu an’anaviy bosh kiyimiga oid hujjatli film namoyish etildi.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA.