Har bir ota-ona farzandini sog‘lom, baquvvat bo‘lishini istaydi. Shu sababli o‘g‘li yoki qizini sport to‘garaklariga jalb qiladi.
Afsuski, keyingi paytlarda sport to‘garaklariga borayotgan ayrim sportchilar o‘rtasida turli xil dori vositalarini iste’mol qilishga ruju qo‘yish xolatlari ko‘paymoqda.
Aslida bunday dori vositalarining yoshlar organizmiga qanday foydasi yoki zarari bor? Ularni iste’mol qilmasdan ham sportchilar yaxshi natijalarni qo‘lga kiritishi mumkinmi?
Shu kabi savollarga oydinlik kiritish maqsadida Sport jarohatlari shifokorlari Murod Tojinazarov hamda Qurbon Rajabovlarni suhbatga chorladik.
— Keyingi vaqtlarda jahon chempioni degan sharafli nomni qo‘lga kiritgan sportchilar organizmida doping dori vositalari aniqlanishi tufayli chempionlik unvonlari olib qo‘yilish, nufuzli musobaqalarda qatnashishdan chetlashtirish xolatlari kuzatilyapdi. Aytingchi, o‘zi doping nima?
— Doping inglizcha doping, dope – narkotiklar bermoq – organizmning ruhiy va jismoniy faoliyatini qisqa muddat kuchaytiradigan moddalar. Sport o‘yinlari natijalarini yaxshilash maqsadida qo‘llanilgan. Sportchilar orasida dopingdan zaharlanish va o‘lim holatlari kuzatilganligi uchun 1967 yildan Xalqaro olimpiada qo‘mitasi sport o‘yinlari chog‘ida doping qabul qilishni man etgan va qat’iy nazorat o‘rnatgan. Uni ishlatgan sportchilar o‘yindan chetlashtiriladi.
Ilk marta Amerikada otlar poygasida otlarga terisi va og‘zi orqali narkotik dori vositalari berilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad otlar organizmini chidamliligi va og‘riqlarga nisbatan reaksiyasini kamaytirish bo‘lgan. Shu orqali otlarni fizik qobiliyatlari oshirilgan. Doping vositalari qo‘llanilgan otlar boshqa jorivorlarga nisbatan yaxshi chopgan. Keyinroq bu usul sportchilarda qo‘llash ommalashdi.
Doping deganda juda ko‘plab dori vositalari ko‘zda tutiladi. Bularni asosiy mexanizmlari organizmni og‘riqlarga nisbatan chidamliligini oshirib, bardoshliroq qilib beradi.
— Qaysidir vaqt mobaynida doping sportchiga yordam berishi mumkin, ammo uning natijalari ayanchli oqibatlarga olib kelayotgani haqida ham eshityapmiz?
— To‘g‘ri, inson yuragini urish me’yori 70-90 oralig‘ida bo‘lsa doping ichgan sportchining yuragi 120-130 tagacha urishi mumkin. Bu yurakni sun’iy zo‘riqtirishga olib keladi. Organizmdagi a’zolarni zo‘riqib ishlashi esa ularni vaqtidan oldin ishdan chiqishiga sabab bo‘ladi.
— Ota-onalar doping dozasi kuchli bo‘lgan dori vositalari aynan qaysilar ekanini bilishlari kerak. Bu vositalarni qanday bilish mumkin?
— Deyarli har bitta dori vositasini ichida doping bo‘lishi mumkin. Masalan, yurak sistemasiga , nafas yo‘llariga, garmonal o‘zgarishlarga olib keluvchi dori vositalari shular jumlasidan. Hozirgi kunda eng xavfli deb hisoblangan doping dorilar gormonal ta’sir qiladigan anabolik steroidlar hisoblanadi. Doping dorilarni iste’mol qilgan sportchilarda gormonal dispolansga olib keladi. Bu esa qaysidir sistemani qabul qilgan dozaning miqdoriga qarab ishdan chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
— Oqibati nima bilan tugaydi?
— Turli xil surunkali kasalliklar jigar, buyrak, yurak yetishmovchiligi kabi og‘ir asoratlarga olib keladi. Bundan tashqari yana eng ko‘p uchraydigan sabablari insonni jinsiy sistemasida paydo bo‘ladigan turli kasalliklarga olib kelishi mumkin.
— Sport inshootiga boradigan ko‘pgina bolalar oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan ota-onasiga kuchimni tiklashim uchun protein, kreatinga o‘xshagan vitaminlarni ichishim kerak ekan, degan talabni qo‘yadi. Bu tabiiy xolatmi, rostdan ham shunday dorilarni sportchilar ichishlari kerakmi?
— Sport to‘garaklariga boradigan yoshlar raqibiga nisbatan o‘zini kuchini kamligini sezib protein, nikotin moddalarini ichishni boshlaydi. Aslida insonni nimagadir erishishi judayam qiyin. Ayniqsa, sportchiga g‘alabani qo‘lga kiritish oson emas. Shu sababli u raqibi kabi kuchli bo‘lishi va tenglashishi uchun yillarni sarflashiga to‘g‘ri keladi. Bir yilmi, ikki yilmi ketsada sportchi to‘g‘ri sport bilan shug‘ullanishini tavsiya qilamiz. Sportchilar qo‘shimcha vitaminlarni qabul qilishlari mumkin, ammo me’yoridan oshirmasliklari kerak. Ayrimlar maqsadiga tezroq yetish uchun dozasini kuchaytirib, natijada o‘ziga ziyon qilib qo‘yganini bilmay qoladi.
— Hozir ko‘cha-ko‘yda muskullari shishirilgan yigitlarga ko‘zimiz tushadi. Bu sun’iy yo‘llar bilan qilingan jarayonmi yoki tabiiy yo‘llar bilanmi?
— Sportchilar professional hamda o‘zi uchun shug‘ullanadigan toifaga bo‘linadi. To‘g‘ri, bugun oramizda muskullari alohida-alohida bilinib turadigan yigitlar ko‘payib ketdi. Ular orasida mehnat qilib mashg‘ulotlar orqali bunga erishganlari ham, sun’iy dori vositalari orqali erishganlari ham bor.
Sun’iy vositalar orqali dorilarni dozasi ko‘paytirilib mushaklar shishirilganda gormonal tizim buzilishi boshlanadi. Turli xil proteinlarni juda ko‘p miqdorda qabul qilgan paytda organizmda sportchini eng yengil mashg‘ulotlarni bajarganida ham paylari uzilib ketishi mumkin.
Professional sportchilar qo‘shimcha vitaminlarni qachon qabul qilishni boshlab, qachon to‘xtatishni bilishadi. Ammo ko‘pincha ayrim yoshlar tana muskullarini oshishini havas qilib, dorilardan noto‘g‘ri foydalanishadi. Tananing qaysidir qismidagi massani oshirish uchun qabul qilingan dori tananing boshqa qismlarini ham oshiradi. Bunda yurakdagi, qon-tomirlaridagi mushaklar oshadi. Mushaklarni massasi oshgani hisobiga ertaga bu sportchida turli kasalliklar keltirib chiqarishi mumkin.
Dorilarni dozasidan ortiqcha iste’mol qilish natijasida paylari uzilib ketgan bemorlarni hattoki 4-5 martagacha operatsiya qilishimizga to‘g‘ri kelgan.
Biz shifokorlar ota-onalar farzandlariga ko‘cha-ko‘yda sotiladigan vitaminlarni emas, dorixonalarda sotiladigan maxsus yo‘riqnomaga ega bo‘lgan vitaminlarni olib berishlarini tavsiya qilamiz.
— Hech qanday dori vositalarini qabul qilmasdan ham sportchi yaxshi natijalarga erishishi mumkinmi?
— Albatta mumkin. Buning uchun vaqt hamda juda katta sabr kerak bo‘ladi. Sportchi degan tushuncha bizda endi paydo bo‘lmadi. Proteinlar kirib kelganiga esa juda katta vaqt bo‘lgani yo‘q. Tarixdan ma’lum kuchli sportchilarimiz bo‘lgan. Ular hech qanday protein yoki biologik qo‘shimcha ovqatlar ichmagan, to‘g‘ri ovqatlangan, sabr, matonat bilan shug‘ullangan. Va ko‘zlagan natijalarni halol mehnat bilan qo‘lga kiritgan. Shu bois ularning nomlari hech qachon odamlar xotirasidan o‘chmaydi.
<iframe width="727" height="409" src="https://www.youtube.com/embed/A9Nweguije0" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Nigora Rahmonova, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA