Mamlakatimizda dopingga qarshi kurashish, halol sport targ‘ibotini keng yoyish, sportchilar, milliy terma jamoalar antidoping qoidalariga rioya etishda zarur bilimlarga ega bo‘lishi borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani dopingga qarshi kurashishda o‘zbekistonlik mutaxassislarning yetarli bilimga ega bo‘lishini ta’minlamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi, Bosh prokuratura va Sport vazirligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh a’zolari Germaniya antidoping agentligi faoliyati bilan yaqindan tanishish asnosida dopingga qarshi kurashishda milliy qonunchilikni rivojlantirish, doping tarixi va surishtiruvi hamda sportchilarda doping testlarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish borasida kelishuvlarga erishdi.
Mazkur yo‘nalishlarda amaliy harakatlarni xalqaro hujjatlar asosida olib borish uchun Germaniya antidoping agentligi direktori Lars Mortsifiyer va Kyoln Bioximiya instituti direktori Mario Txevis ishtirokida hamkorlik memorandumini imzolash lozimligi ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida antidoping qonunchiligini takomillashtirish, doping qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, sportchining biologik pasportlarini boshqarish, doping qoidalari buzilishi holatlarini aniqlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Germaniyada amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish masalalari tahlil qilindi.
Shuningdek, o‘zbekistonlik sportchilarning biologik pasportini yaratishda qo‘shimcha tekshiruvlarni Kyoln Bioximiya institutida amalga oshirish, ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA