English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dopingga qarshi kurash sportda halol raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi
17:02 / 2023-07-14

Mamlakatimizda sportchilarning salomatligini asrash, ularni taqiqlangan vositalardan himoya qilish, jismoniy tarbiya va sport harakatida halol raqobatni kuchaytirish ustuvor vazifalardan biri sanaladi.

Bu borada davlatimiz tomonidan bir qator me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Markaziy Osiyo mintaqasida birinchilardan bo‘lib yurtimizda Milliy antidoping agentligi tashkil etildi. Butunjahon antidoping agentligi bilan keng qamrovli manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Keyingi to‘rt-besh yil oralig‘ida xalqaro antidoping dasturlarida ishtirok etish, ushbu yo‘nalishda mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha yurtimizda bir qator xayrli ishlar amalga oshirildi.  

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Ma’muriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga asosan qabul qilingan dasturlarga binoan qisqa fursatda agentlikning yangi strukturasi, shtat jadvali tasdiqlandi. Xodimlarning lavozim yo‘riqnomalari, vazifa va funksiyalari ishlab chiqildi. Butunjahon antidoping agentligi(WADA), xorijiy davlatlarning milliy antidoping tashkilotlari, sportchilardan olinadigan sinamalarni tekshirish va tahlil etish laboratoriyalari bilan hamkorlik hujjatlari imzolandi. 

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi tomonidan amalga oshirilgan ishlarning olti oylik sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda so‘z bordi.  

Matbuot anjumanida aytilganidek, o‘tgan olti oyda mamlakatimiz milliy terma jamoalari a’zolaridan 244 ta doping sinama olindi. Joriy yilda qon orqali doping sinamalar 5 taga yetkazildi va Turkiya maxsus laboratoriyasiga tahlil uchun yuborildi. Yil boshidan shu kunga qadar 5 nafar sportchida taqiqlangan modda borligi aniqlandi.  

Agentlik direktori A.Sodiqov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan davrda O‘zbekiston va Koreya antidoping agentliklari o‘rtasida imzolangan memorandumga muvofiq  Koreyada 7 nafar antidoping mutaxassislari malaka oshirdi. 12 nafari doping ofitserlarini tayyorlash kursida o‘qitilib, ular xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Bu, O‘zbekistonda xalqaro darajaga ega bo‘lgan mutaxassislar safi kengayayotganidan dalolat.  

Shuningdek, Butunjahon antidoping agentligining xalqaro doping ofitser tayyorlash kursida 3 nafar agentlik mutaxassislari saboq olishiga sharoit yaratildi. Avstriya va Turkiya maxsus laboratoriyalari bilan doping sinamalarini o‘tkazish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Shveysariya, Janubiy Koreya va Rossiya kabi qator davlatlarda o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanlarda, onlayn konferensiyalar va simpoziumlarda yurtimiz mutaxassislari ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.  

[gallery-12774]

WADAning AdeL dasturi bo‘yicha sportchilar musobaqalarda qatnashish imkonini beruvchi dastur ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. O‘tgan davr mobaynida ADAMS tizimida 321 nafar yurtimiz sportchilari ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularning mashg‘uloti, dam olishi, kundalik faoliyati monitoring qilib borilmoqda.  

Savol-javoblarga boy kechgan anjumanda sportchilarga ADAMS tizimidan foydalanish va talab qilingan ma’lumotlarni kiritish bo‘yicha amaliy yordam qo‘rsatilayotgani, joylarda onlayn va oflayn treninglar tashkil qilinayotgani, tizimga ma’lumotlarni kiritmagan sportchilar bilan qo‘shimcha tushuntirish ishlari olib borilayotgani qayd etildi. Bu sa’y-harakatlar, intilishlarning tag zamirida O‘zbekiston sportchilarining jahon maydonlaridagi obro‘-e’tiborini oshirish yotadi. Zero, dopingdan holi, halol raqobatda toblangan sportchilar har qanday musobaqada O‘zbekistonning yuzi, vijdoni, adolati bo‘lib, o‘zligini namoyon etaveradi.  

T.Ro‘ziyev, O‘zA