Inson hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish uchun qon tarkibiy qismlariga muhtoj bo‘ladigan vaziyat har kimda yuzaga kelishi mumkin. Mamlakatimizda beg‘araz donorlik va uni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yil 20-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori qabul qilindi. Qon mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash hamda qarorda belgilangan vazifalarning ahamiyati xususida Toshkent shahar qon preparatlarini tayyorlash ilmiy markazi Qon tayyorlash va donorlik bo‘limi boshlig‘i Matluba ЎРИШЕВАнiнг fikrlariga qiziqdik.
– Donorlik – har qanday shaxs amalga oshirishi mumkin bo‘lgan insoniy burch, – dedi Matluba O‘risheva. – Mamlakatimizda qon zaxirasi kamayib ketmasligining oldini olish, uni ta’minlash uchun yangicha yondashuvlarni amalga oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Bunda barcha qon guruhiga ega bo‘lgan donorlarni jalb etish, ya’ni nafaqat musbat, balki manfiy qon guruhi zaxirasini ham ta’minlash muhim sanaladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “2026-2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qaror sohada zamonaviy yondashuvlar asosidagi vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, qon bilan ishlash xizmati imkoniyatlarini kengaytirish, qon mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplash va beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirishga kirishildi.
Qarorda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida donorlar sonini har ming nafar aholiga 30 tagacha oshirish, qon mahsulotlari zaxirasini 150 ming litrdan 450 ming litrga yetkazish, beg‘araz qon donorlari sonini 300 mingdan 900 ming nafargacha ko‘paytirish va boshqa vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.
Hujjatda qon xavfsizligini ta’minlash, xizmat xodimlarining malakasini oshirish va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bunda, albatta, Qon xizmati muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ham alohida e’tiborga olingan.
Qarorga ko‘ra, qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, 2026-yil 1-oktabrdan qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlari xavfsizligi va sifatini ta’minlash bo‘yicha barcha texnik va tibbiy jarayonlarni tartibga soluvchi standart operatsion jarayonlar hamda xavfsizlik bayonnomalari tashkil qilinadi.
Shuningdek, “Ehtiyoj – qayta ishlash – yetkazish” zanjiri doirasida biznes jarayonlarini boshqarish tizimi joriy etiladi. Yana bir jihat qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlarini majburiy tartibda ikki bosqichli skrining tekshiruvidan o‘tkazish tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi.
Joriy yil 1-yanvardan boshlab beg‘araz qon donorligi harakatini rivojlantirish maqsadida har oyda “Birga hayotni saqlaymiz” milliy donorlik aksiyasi o‘tkazilmoqda. Bir haftasi – qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarini isloh qilish, shu jumladan, mazkur “yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Uch haftasi – ta’lim, shifoxona va boshqa tashkilotlarda donorlik tadbirlari tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimiga kiruvchi vazirlik, idora hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchilari va xodimlari o‘rtasida har yili bir marotaba donorlik kunlari o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi qarori tegishli bandida aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil qilish belgilangan. Ayni kunlarda Toshkent davlat transport universiteti, Iqtisodiyot universiteti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitet hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida beg‘araz qon donorligining ahamiyatini targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbir davomida donorlikning inson hayotini saqlab qolishdagi o‘rni, uning ijtimoiy va ma’naviy ahamiyati haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Donorlik aksiyalari o‘tkazildi. Har bir hududda – jamoat joylari, bozorlar, universitet va dam olish maskanlarida ko‘chma donorlik punktlari tashkil etildi.
– Shu o‘rinda qon topshirish jarayonlari, talablari haqida ham ma’lumot bersangiz...
– Aytish lozimki, 18 yoshga to‘lgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan, vazni 50 kilogrammdan ortiq o‘zini sog‘lom deb bilgan har bir inson ixtiyoriy ravishda donorlikka qon topshirishi mumkin. Bu jarayonga rozi bo‘lgan odam albatta, shifokorlar ko‘rigidan o‘tkaziladi. Birinchi donorning qoni tarkibidagi gemoglobin miqdori aniqlanadi. Qon olish bir martalik sistema orqali amalga oshiriladi va bu bilan donorning yuqumli kasalliklarga chalinishining oldi olinadi. Topshirilgan qonda “B” va “C” virusli gepatitlar, OITS, sifilis va brusellyoz kasalliklari qo‘zg‘atuvchilari bor yo yo‘qligi tekshiriladi. Keyin qonning bioximik tahlili o‘tkaziladi, donorning qon guruhi hamda rezus faktori aniqlanadi. Albatta bunda tahlil natijalari shifokorlar tomonidan sir tutiladi.
Qon topshirish xavfsiz, bu jarayon talabgor uchun zararli emas, aksincha, foyda keltiradi. Ya’ni uning qon tarkibi yangilanadi, qon aylanish tizimi faoliyati yanada yaxshilanadi, immuniteti mustahkamlanadi. Shuningdek, qon bosimi yuqori bo‘lgan kishilarga ham qon topshirish tavsiya etiladi, bu ularga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi fanda isbotlangan.
Har bir inson bir yilda to‘rt marta qon topshirishi mumkin, biroq uning oralig‘i ikki oydan kam bo‘lmasligi zarur. Mazkur jarayonning davomiyligi 30-40 daqiqa bo‘lib, bunda donordan kamida 350 ml. va 450 ml. qon olinadi.
– Donorlar rioya qilishi kerak bo‘lgan qanday tavsiyalar bor?
– Darhaqiqat, donorlik amaliyotini bajarishdan avval qon beruvchi o‘z salomatligini muhofaza qilishi hamda topshiradigan qoni sifatini yaxshilash maqsadida bir necha jihatlarga e’tibor qaratishi lozim. Avvalo muntazam ovqatlanishi, kun davomida ko‘proq suyuqlik ichish muhim. Amaliyotdan ikki-uch soat oldin yog‘li, achchiq taomlar iste’mol qilmasligi kerak. Yog‘li ovqatlar qonning sifatiga ta’sir qiladi va uning davo samarasini kamaytiradi. Och qoringa qon topshirish esa mumkin emas, shuning uchun donor ertalab yengil nonushta qilib kelishi lozim bo‘ladi. Tiniqib uxlashi muhim. Masalan tungi navbatchiliklardan keyin qon topshirish tavsiya etilmaydi, chunki unda ko‘p quvvat sarflangan bo‘ladi. Bu esa organizmda modda almashinuviga ta’sir qiladi. Donorlikkacha ikki kun mobaynida spirtli ichimliklar ichmagan bo‘lishi kerak.
Donorlik amaliyotidan keyin yo‘qotilgan suyuqlik o‘rni 36 soat ichida, eritrotsitlar sakkiz hafta mobaynida, plazma uch-besh kun ichida, trombotsit va leykotsitlar besh-yetti kun davomida tiklanadi. Shundan kelib chiqib, to‘liq qonni yiliga to‘rt-besh marta (erkaklar har ikki oyda, ayollar har uch oyda) topshirish tavsiya qilinadi. Plazma va qonning boshqa komponentlarini har o‘n to‘rt kunda topshirish mumkin.
– Foydali ma’lumotlar va suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi.