O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan tashkil qilingan 8 dekabr –O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostidagi beg‘araz donorlik aksiyasi Farg‘ona viloyatida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Viloyat qon quyish markazida erta tongdan boshlangan mazkur aksiyada partiyaning barcha xodimlari, partiya a’zolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari hamda ko‘ngillilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa turli soha vakillari ishtirok etdi. Hududlarda ko‘ngilli harbiylar ham bemor bolajonlar uchun qon topshirdi.
–“Adolat” partiyasi va barcha hamkorlarga bugungi faollik uchun minnatdorlik bildiramiz, –deydi Farg‘ona viloyat qon quyish stansiyasi vrach epidemiologi Oybek Yuldashev. – Ayni daqiqalarga qadar 100 nafarga yaqin yurtdoshimiz qon topshirishga muvaffaq bo‘ldi. An’anaviy bugungi tadbirda partiya xodimlari birinchilardan bo‘lib ishtirok etgani yana bir yaxshiliklarning boshlanishi bo‘ldi.
«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur aksiya yuzlab kishilarni qonga muhtoj bo‘lgan bemor bolajonlarga hayot bag‘ishlash va ularning sog‘ayib ketishlariga hissa qo‘shishdek xayrli va savobli ish uchun birlashtirmoqda.
–Inson salomatligi bebaho ne’matdir, –deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulbahor Saidg‘aniyeva. –Xususan, mazkur donorlik aksiyasi ham ko‘plab bemor bolajonlarimizning sog‘ligini tiklashda muhim o‘rin tutadi. Biz ham bu ezgu ishga o‘z hissamizni qo‘shganimizdan mamnunmiz.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri