Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Doniyor Toshxo‘jayev: jurnalistlarning jamiyatdagi faolligi IIO xodimlarini ham sergak tortirmoqda
18:22 / 2020-12-30

Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, ichki ishlar organlarini el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan chinakam xalqchil tizimga aylantirish yo‘lida jiddiy islohotlarga kirishildi. Bu ishlardan ko‘zlangan pirovard maqsad ham tinchlik-osoyishtalikni saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishdir. 3 million 800 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Farg‘ona viloyatida bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Doniyorjon Toshxo‘jayev bilan ana shu xususida suhbatlashdi.

Doniyor Baxtiyorovich, Farg‘ona viloyatida ish boshlaganingizga bir yil bo‘lmoqda. Shu vaqt mobaynida o‘z oldingizga qo‘ygan maqsad va rejalarga erisha oldingizmi?

– Avvalambor, ushbu suhbatga taklif qilganingiz uchun chin ko‘ngildan minnatdorman. Ha, Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimida faoliyat boshlaganimga 11 oydan ziyodroq vaqt o‘tdi. Yodingizda bo‘lsa, 2020 yilning fevral oyida o‘tkazilgan brifingda viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamisha ommaviy axborot vositalari bilan mustahkam aloqa o‘rnatib, ochiqlik va oshkoralik siyosatini olib borishini aytgan edim. Ayni maqsadimiz yo‘lida ijobiy natijalarga erishdik deb o‘ylayman.

So‘zimni ayni mavzudan boshlaganim bejiz emas. Shaffoflik bo‘lgan joydagina rivojlanish bo‘ladi. Biz yil boshidan viloyat IIB faoliyatida yangicha tahlil asosida raqamlar ortidan quvish o‘rniga, sifatga eng birinchi e’tiborni qaratdik.

Jinoyatni “katta-kichikligidan” qat’iy nazar unga murosasizlik bilan munosabat bildirilishi hamda ochiqlik, shaffoflik, oshkoralik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplarini ta’minlanishigina fuqarolarni ichki ishlar organlariga nisbatan bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi faoliyatiga jinoyat va hodisalar haqidagi xabarlarni qabul qilish va qayd etishning avtomatlashtirilgan «102» tizimi Respublikamizda birinchilardan bo‘lib, sinov tariqasida ishga tushirildi. Bunday axborot texnologiyalarini tizimga joriy etishning samarasi nihoyatda katta.

Deylik, shahar yoki tuman markazidan olisda ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘ldi. Tergov-tezkor guruhi hodisa joyiga yetib kelguniga qadar ma’lum vaqt o‘tishi yoki yo‘qotilishi mumkin. Endilikda yangi markazlashgan “102” tizimiga xabar kelib tushishi bilan o‘sha hududga eng yaqin masofada xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga bu haqda zudlik bilan ma’lumot berilib, jinoyat sodir etilgan joy tezkorlik bilan nazoratga olinadi. Natijada dalillarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni yo‘q bo‘lib ketishini oldini olish, jinoyatlarni issiq izidan fosh etish, jinoyatchilarni ushlash, jabrlangan shaxslarga yordam ko‘rsatish, hodisa joyini darhol qamrovga olish kabi imkoniyatlari kengayadi.

Darvoqe, markazlashgan “102” tizimi fuqarolarga nima beradi, deyishingiz mumkin. Davlatimiz rahbari Prezident sifatida ish boshlagan ilk kunlaridanoq tibbiyot va ichki ishlar organlari faoliyatiga alohida e’tibor qaratdilar. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, inson salomat bo‘lsagina, kasbu-kori bilan mehnat qilib, rizq topadi. Huquqi poymol bo‘lmasa, xotirjamligini yo‘qotmaydi. Odamlar sog‘ligidan shikoyati bo‘lsa, tibbiyot sohasiga, huquqlari buzilganda esa IIOlariga najot so‘rab murojaat qiladi.

Shunday paytlar ham bo‘lganki, voqea joyiga hatto profilaktika inspektori 4-5 soatdan so‘ng yetib borgan. Eng achinarlisi, o‘z hududida jinoyatchilik o‘sib ketishidan qo‘rqib, raqamlar ortidan quvgan xodimlar aksariyat jinoyatlarni tegishli tartibda qayd etish o‘rniga uni yashirish payida bo‘lganlar. Buning ortidan esa, biz yuqorida aytgandek, haqiqat izlagan fuqaroning huquqlari poymol etilib, muammolari hal etilmay qolavergan. Bu achchiq bo‘lsada tan olinishi kerak bo‘lgan haqiqat.

Endilikda Farg‘onada raqamga emas, sifatga ahamiyat beriladi. Jinoyat va huquqbuzarlik haqida “102” tarmog‘iga kelib tushgan xabardan so‘ng ko‘pi bilan 5 daqiqa ichida ichki ishlar organlari xodimlari voqea joyiga yetib kelib, jinoyatlarni issiq izidan fosh etishga erishish bizning eng katta maqsadimiz. Natijada qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligi so‘zsiz ta’minlanadi. Bu esa, o‘z-o‘zidan xalqimizning IIOga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.  Ularni o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashlariga zamin yaratadi.

Joriy yilda ichki ishlar organlarining ba’zi bir xodimlarini noqonuniy xatti-harakatlari e’tiroz va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Viloyatda shunday xodimlar ham bormi?

– Bu albatta, auditoriya uchun qiziq mavzu. Bilasizmi, internet tarmoqlari, umuman olganda, jurnalist va blogerlarning faoliyati ayni paytda biz uchun juda zarur. Sababi ular kundalik hayotda ro‘y berayotgan voqea -hodisalarni tezkorlik bilan omma hukmiga havola qilmoqda. Shu o‘rinda, biz ham ayrim xodimlarimizning noo‘rin xatti-harakatlarini ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlardan ko‘rib, bilib turibmiz.

Prezidentimizning “Katta rahmat, ommaviy axborot vositalari va blogerlarga. Ko‘p-ko‘p narsalar O‘zbekistonda ochiq aytilyapti, hamma buni ko‘rib turibdi. Lekin bitta narsani bilinglar, bu ochiqlik hech qachon orqaga qaytmaydi! Qancha ko‘p ochiqlik bo‘lsa, ommaviy axborot vositalari odamlarimizga haqiqiy muammolarni qancha ko‘p yetkazsa, men rahbar sifatida ulardan minnatdor bo‘laman”, degan so‘zlari barchamiz uchun o‘rnak bo‘lishi kerak.

Hali yuqorida ta’kidlaganimdek, bizning eshiklarimiz hamisha OAV uchun ochiq. Farg‘ona viloyati IIB imidjiga salbiy ta’sir qiladigan ma’lumotlar internet tarmoqlarida tarqaldi, albatta. Lekin biz har bitta holatni sinchkovlik bilan o‘rganib, berilgan xabarlarga rasmiy bayonotlar berib boryapmiz.

Bunda albatta bir tomonlama emas, agarda xodimlarimiz noo‘rin xatti-harakatlar sodir etgan bo‘lsa ularga tayinlangan xizmat tekshiruvlari va ta’sir choralari haqida batafsil yoritilmoqda.

Yana bir jihat, jamoatchilik nazorati, jurnalist va blogerlarning jamiyatdagi faolligi IIO xodimlarini ham sergak tortirib, xizmat faoliyati davomida tartibli harakat qilishga, xato qilmaslikka undayotganligi ham haqiqat.

Farg‘ona viloyatidagi kriminogen vaziyat, jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish borasidagi ishlar haqida ham gapirib bersangiz?

- Jinoyatchilikni oldini olishdagi eng ta’sirchan va samarali profilaktika bu – jinoyat va huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida ro‘yhatga qo‘yish va unga murosasiz munosabatda bo‘lishdir. Shu bilan birga xalqimiz roziligini olish har qanday raqamlardan ham ustun.

Farg‘ona viloyatida joriy yilning 11 oyi davomida 9153 ta jinoyatlar qayd etildi. Shundan, sodir etilgan jinoyatlar 5 ming 422 tani tashkil qildi. IIO xodimlarining bevosita tashabbusi va tizimda olib borilayotgan samarali chora-tadbirlar natijasida noqonuniy qurol saqlash, narkotik moddalar sotish, saqlash, yetishtirish, poraxo‘rlik kabi 1 ming 396 ta jinoyatlar aniqlandi va tegishli tartibda huquqiy baho berildi. E’tiborlisi, mana shuncha raqam ortida inson taqdiri, unin sha’ni, qadr-qimmati bor. Qurol bir kuni otadi, giyohvand moddalar esa farzandlarning mayib-majruh, nogiron tug‘ilishiga, oilalarning baxtsiz bo‘lishiga olib keladi. Demakki, yuqoridagi kabi jirkanch illatlarga barham berilishi ana shunday salbiy oqibatlarning oldini olishga xizmat qildi.

Yana bir jihat, dastlabki tergov davomida aniqlangan qo‘shimcha jinoyatlar bir yarim mingdan ziyodni tashkil qildi. Bu albatta, tergov xodimlarining sayi-harakati, professional kasb mahorati bilangina fosh etilgan holatlar. Achinarlisi, ushbu jinoyatlarning aksariyati firibgarlik bilan bog‘liq bo‘lib, natijada zanjirsimon ko‘rinish kasb etuvchi jinoyatlarning fosh etilishiga erishilyapti.

Xalqimizning ming yillik qadriyatlari natijasi sifatida shakllangan yarashtiruv instituti shaxsan Prezidentimizning tashabbusi bilan amaliyotga joriy qilindi. Bu Jinoyat-protsessual kodeksining

325-moddasida ham o‘z ifodasini topdi. Ya’ni qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar, nizolar tomonlarning roziligi bilan yarashuv orqali tugatiladi.

Bosh prokuratura, Oliy sud, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Milliy gvardiyasining Qo‘shma qaroriga asosan 2020 yilning 30 aprel sanasidan e’tiboran ish faqat jabrlanuvchining shikoyati bilan qo‘zg‘atiladigan hollarda uning shikoyati mavjud bo‘lmaganligi asosi bilan JPK 84-moddasi tartibida jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish yoki jinoyat ishini tugatish haqida qaror qabul qilingan taqdirda, jinoyatlarni hisobga qo‘yish tartibi joriy etildi. Ana shunday jinoyatlar viloyatda 2020 yilning 30 aprel sanasidan  qo‘shma qaror asosida ro‘yxatga olish boshlanib, ularning soni 633 tani tashkil etdi. Aynan Jinoyat-protsessual kodeksining 325-moddasida ko‘rsatilgan talablarni suiiste’mol qilinish holatlari, shu jumladan ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun ayrimlar o‘g‘rini ham to‘g‘rini ham, bir-biriga begona jabrlanuvchi va gumonlanuvchilarni ham yarashtirishga urinish holatlari bo‘lgan. Endi bunday bo‘lmaydi.

Shuningdek, JPKning 84-moddasi 1-qismi 6-bandiga ko‘ra jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilgan hollarda tegishli statistik kartochkalar to‘ldirilishi tartibiga amal qilinmagan holatlarda jinoyatni hisobdan yashirish sifatida baholanishi ko‘rsatib o‘tildi.

Farg‘ona viloyatida yo‘l-transport hodisalari juda ko‘p sodir etiladi. Buni raqamlar ham ko‘rsatib turibdi. Siz OAV vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi jiddiy muammolarni ta’kidlab, bu bo‘yicha bir qator ishlarni amalga oshirish kerakligini aytgan edingiz. Bu boradagi ishlar holati qanday?

- O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, har bir yo‘l-transport hodisasi ortida bittadan bir necha nafar inson taqdiri yotibdi. Kunlik voqea -hodisalarni hisobotini o‘qib boraman. Bilasizmi, qurbonli yo‘l-transport hodisasi degan jumlaga ko‘zim tushganda beixtiyor yuragim orqaga tortib ketadi. Haydovchi yoki yo‘lovchining arzimagan hatolikka yo‘l qo‘yishi ortidan kimdir hayotdan bevaqt ko‘z yumadi. O‘tgan yili 11 oylik muddatda 203 ta bu yil 195 ta qurbonli YTH sodir bo‘ldi. Men bu oradagi 8 ta farq bilan maqtanmoqchi bo‘layotganim yo‘q. Agarda 195 ta emas, 1 ta fuqaro YTH qurboni bo‘lsa ham bu katta yo‘qotish sifatida qabul qilinishi kerak. Inson robot emaski uni qaytadan xuddi o‘zidek qilib yasash imkoni bo‘lsa. Umr bir martaginaga beriladigan bebaho ne’mat.

Farg‘ona viloyati hududida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 2020 yil  4-chorak davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

«Yo‘l harakat xavfsizligi targ‘ibot kuni», «Avtomobilsiz kun» aksiyalari va boshqa targ‘ibot–tashviqot tadbirlari davomida asosiy e’tibor yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq holatlarni kelib chiqish sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan  shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishga qaratilgan.

Viloyat hududida YPX inspektorlariga biriktirilgan mobil post  va maxsus avtopatrullar yo‘llarda harakat xavfsizligi ta’minlash va  yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida xizmat olib bormoqda.

Farg‘ona viloyati bo‘ylab o‘rnatilgan fotovideofiksatsiya qurilmalari “to‘xtash va to‘xtab turish” qoidalarini buzgan, shuningdek, “To‘xtash chizig‘i”, “Yo‘l harakati qoidalari”ning 1.1 sidirg‘a chizig‘iga,  3.19 “Qayrilish taqiqlangan” yo‘l belgisiga hamda belgilangan tezlikka  va svetafor ishoralariga amal qilmagan transport vositalari haydovchilarning qoidabuzarliklari onlayn tartibda qayd qilmoqda.

Ushbu qurilmalarning yo‘l-transport hodisalarini oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rnini hisobga olgan holda tez kunlarda viloyatimiz hududlarida mana shunday turdagi onlayn fotovideofiksatsiya qurilmalari soni yana ham ko‘paytiriladi.

Shu bilan birga, yo‘llarda tezlik o‘lchash qurilmalari bilan jihozlangan avtomobillarimiz xizmat olib bormoqda. Ana shunday multiradar qurilmalari bilan jixozlangan mobil komplekslardan 15 ta olib kelinishi rejalashtirilgan bo‘lib, xozirda ulardan 3 tasi keltirilish arafasida.

2021 yil 1 yanvardan Farg‘ona viloyati bo‘ylab, uchuvchisiz uchadigan qurilmalar yordamida huquqbuzarliklar fiksatsiya qilinadi.

Ushbu qurilmalar yordamida kunu-tun patrullik tashkil etilib, belgilangan tezlikka, yo‘l chiziqlariga, svetafor ishoralariga amal qilmagan, piyodalar o‘tish joylarida piyodalarga yo‘l bermagan haydovchilarni hamda tibbiy niqobdan foydalanmagan, jamoat tartibini buzgan fuqarolarning huquqbuzarliklari aniqlanadi.

Yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlarga tezlik o‘lchash moslamalarining maketlarini ham o‘rnatganmiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz ta’lim muassasalari hamda piyodalar ko‘p harakatlanidagan o‘tish joylariga sun’iy notekisliklar o‘rnatilyapti. Bu esa avtomobillar tezligini pasaytirib, piyodalarni belgilangan joydan xavfsiz o‘tishini ta’minlaydi.

Eng katta maqsadimiz, tizimga yangi innovatsiyalarni joriy qilgan holda inson hayotini saqlab qolishga qaratilgan. Buning uchun esa barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Kuzatishlardan ma’lum, bugun IIBda xizmat qilayotgan  xotin-qizlar safi kengayib bormoqda. Ularga tizimda ishlash og‘ir emasmi?

- Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yil 14 iyunda Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan respublika, viloyat va tuman (shahar) ichki ishlar organlari tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha katta ins¬pektor shtatlari joriy etildi.

Ayni paytda Farg‘ona viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi huzurida ham xotin-qizlar masalalari bo‘yicha alohida bo‘lim, shuningdek, shahar-tuman ichki ishlar organlarida inspektor lavozimi tashkil qilinib, unga malakali xodimalar jalb qilindi.

Yuqoridagi qaror asosida Farg‘ona viloyatining barcha tuman-shaharlarida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha 25 ta katta inspektor shtatlari joriy etildi. bugungi kunda mamlakatimizda gendr tengligini ta’minlash ya’ni, ayollar va erkaklarning teng huquqliligi, opa-singillarimizning jamiyatimizdagi turli sohalarda ishtirokini qo‘llab- quvvatlashga katta ahamiyat qaratilmoqda.

Farg‘ona viloyati IIB va uning quyi tizimlarida jami 86 nafar xotin qizlarimiz sharaf bilan xizmat qilishmoqda. Quvonarlisi, ulardan  3 nafari rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishadi. Barcha ayol xodimalarimizni xizmat faoliyatini samarali tashkil etish uchun sharoitlar yaratilgan.

Muhimi, ularning o‘zlari IIO xodimi bo‘lishdek sharafli kasbni egallashni maqsad qilishgan, hamda bu yo‘lda erkaklar bilan bir safda matonat bilan mehnat qilishmoqda.

Oila a’zolaringiz uchun vaqt topasizmi? Ular Farg‘onadami?

- Ha, albatta, oila men uchun ham muqaddas maskan. Inson suyanadigan va ishonadigan qudratni o‘z yaqinlaridan topadi. Ota-onam Toshkentda ular bilan imkon bo‘ldi deguncha qo‘ng‘iroqlashib, suhbatlashib turaman. Farzandlarim va turmush o‘rtog‘im esa Farg‘onada, men bilan birga. Vaqt bo‘ldi deguncha ular davrasidaman. To‘ng‘ich qizim tergovchi bo‘lish niyatida yuridik fakultetga o‘qishga kirdi. Oilamdagi mana shunday yangilanishlar va ijobiy muhit menga yanada kuch beradi.

Yakunlanayotgan yil juda og‘ir keldi, ayniqsa, pandemiya davrida ichki ishlar organlari xodimlari ham fidoiylik bilan mehnat qildi. Yangi yilda qanday tilaklaringiz bor?

- Bu ham hayotning bir sinovi. Pandemiya sharoitida IIO xodimlari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklandi. Eng asosiysi, halqimiz hodimlar bilan yelkadosh bo‘lib, karantin talablariga amal qilib kelmoqda. Bilasizmi halqimiz mana shunday og‘ir kunlarda ham o‘zligini yo‘qotmay bir birlariga ko‘mak qo‘lini cho‘zib, yashash kabi ezgu qadriyatlarini ko‘rsata oldi. Hademay 2021 yil ham kirib keladi. Yangi yilda xudo hoxlasa bu ko‘rinmas ofatning tazyiqidan qutilib, odamlarimiz yana odatiy kundalik hayotga qaytishiga ishonaman. Hamma gap eng avvalo, hamjihatlikda. Barchamiz bir bo‘lib, harakat qilsak albatta, ezgu maqsadga erishamiz. Yurtimiz tinch oilalarimiz tinch bo‘lishi tilab qolaman.

Kirib kelayotgan Yangi yil barchamizga qutlug‘ bo‘lsin!

Ma’sudjon Sulaymonov suhbatlashdi, O‘zA