2016-2018 yillarda Qirg‘izistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib ishlagan diplomat Doniyor Sidiqov bilan intervyu.
– Qirg‘iz Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – Markaziy Osiyo davlatlari bilan suverenitet, hududiy yaxlitlik, chegaralar daxlsizligi, teng huquqlilik va umumiy xavfsizlik tamoyili asosida do‘stona munosabatni shakllantirish va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash. Bundan 30 yil oldin, 1993 yil 16 fevral kuni Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan. Bu sana ikki tomonlama munosabatning bugungi kundagi mazmun-mohiyatini ko‘rsatish, uzoq muddatli hamkorlik istiqboli uchun yangi rejalar tuzishda muhim sanaladi.
Qadimdan xalqlarimiz manfaati, intilishi va taqdiri mushtarak. Bularning bari davlat barpo etib, dong‘i chiqqan botirlar, amirlar, afsonaviy shaxslar jasorati haqidagi dostonlar, yozma manbalarda saqlanib qolgan. Bizning tariximiz, tilimiz, dinimiz, madaniyat va a’analarimiz, ma’naviy qadriyatlariimiz, deyarli, bir xil, biz qondosh va qardosh millatlarmiz. Aynan shu jihat Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlikni, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishni taqozo etadi.
Bizning ikki mustaqil qardosh davlat sifatidagi ilk qadamlarimiz rasmiy va davlatlararo kelishuvlar darajasidagi mustahkam do‘stlik va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratildi. 1991 yil O‘sh shahrida “Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma” imzolandi. Bu hujjat 1990 yil sodir bo‘lgan O‘sh voqealaridan so‘ng mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatni rivojlantirishda muhim tarixiy ahamiyatga ega edi. Kelishuv ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtasini yangicha davlat darajasida yaxshilash uchun mustahkam asos yaratdi. O‘sha payt O‘sh viloyatiga rahbarlik qilgan otam Botirali Sidiqov jarayonda faol qatnashgan.
Bir necha yildan so‘ng, 1996 yil Toshkentda nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun MDH hududida ayni mazmun va formatdagi birinchi hujjat – “Abadiy do‘stlik haqidagi kelishuv” nomli yana bir muhim davlatlararo bitim qabul qilindi.
2017 yil “Strategik sheriklik, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya”, Chegara tumanlarida ishonch va hamkorlik choralari to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, 2017 va 2022 yillardagi “Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasi to‘g‘risidagi kelishuv” kabi hujjatlar kuchga kirdi.
bugungi kunda davlatlarimiz o‘rtasida 180 dan ortiq hujjatni o‘z ichiga olgan kattagina shartnomaviy-huquqiy baza shakllangan. Diplomatik munosabat yo‘lga qo‘yilgandan buyon O‘zbekistonda Qirg‘iziston diplomatik missiyasining 10 nafar rahbari ishladi. Dastlab, 1992 yil 12 may kuni O‘zbekistonda tashkil etilgan Qirg‘izistonning doimiy siyosiy vakolatxonasiga mashhur jamoat arbobi Mirza Kaparov boshchilik qildi. Shu tariqa diplomatik faoliyat boshlanishiga asos yaratildi. 1993 yil fevral oyida siyosiy vakolatxona elchixonaga o‘zgartirildi va taniqli yozuvchi, filolog olim Solijon Digitov diplomatik missiya rahbari sifatida Toshkentga yuborildi. 1995 yil kuzda Botirali Sidiqov elchi etib tayinlandi va 7 yil ishladi. 1996 yil dekabr oyida elchixona yangi binoga ko‘chib o‘tdi.
O‘zbekistonda Ulug‘bek Chinaliyev, Anvar Mokeyev, Azizbek Madmarov, Emilbek Uzakbayev va Ibragim Junusov kabi Qirg‘izistonning davlat va jamoat arboblari, olim va diplomatlari ham elchilik qilishgan. bugungi kunda Musa Jamanbayev ikki tomonlama munosabatni mustahkamlash yo‘lida faoliyat olib bormoqda. 2016-2018 yillarda ana shunday atoqli shaxslar bilan bir safda ishlash, qardosh davlatda Vatanim nomidan ish yuritish men uchun katta sharaf bo‘ldi.
bugungi kundagi ikki tomonlama munosabatimiz o‘zining ochiqligi va jo‘shqinligi bilan alohida ajralib turadi. Ikki mamlakat rahbarlarining yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash yo‘lidagi qat’iy irodasi tufayli hozir o‘rtada hech qanday siyosiy qarama-qarshilik yo‘qligini qayd etish joiz. Shavkat Mirziyoyev 2016 yil O‘zbekiston Prezidenti etib saylangandan so‘ng Qirg‘iziston – O‘zbekiston munosabati yangicha tusda rivojlana boshladi va barcha darajada o‘zaro manfaatli hamkorlik davom ettirildi. Elchilik faoliyatim davomida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekiston shakllanishiga guvoh bo‘ldim. Prezident olib borayotgan islohotlar va davlat yetakchisining Qirg‘izistonga nisbatan do‘stona siyosati ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun ko‘plab imkoniyatlar ochdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi barcha yo‘nalishlardagi munosabatni yanada rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadi, deb o‘ylayman.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning 2021 yil 11-12 mart kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida ko‘plab hujjatlar imzolangan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda muhim kelishuvlarga erishilgan edi. Ustav kapitali 50 million dollar bo‘lgan va kelgusida 200 million dollargacha yetkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot fondi tashkil etildi. Jamg‘arma Qirg‘iziston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida o‘z xarajatini o‘zi qoplaydigan loyihalarni moliyalatirishadi va eng muhimi, iqtisodiy aloqani mustahkamlashga asos yaratadi. O‘zbekiston hamisha bizning ishonchli sherigimiz bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Og‘ir, inqirozli davrlarda ham Qirg‘iziston qardosh mamlakatning salmoqli amaliy ko‘magini his etib kelgan. Bu, ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi paytida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Qo‘shni davlatlar uchun hamjihat yashash iqtisodiy taraqqiyotning zarur shartidir.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabat barqaror rivojlanmoqda, tovar ayirboshlash hajmi va miqdori o‘sib borish xususiyatini namoyon qilmoqda.
Rasmiy manbalarga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish, O‘zbekistonda Qirg‘iziston mahsuloti eksportini sezilarli darajada kengaytirish, sarmoya jalb qilish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va hamkorlikda ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish savdo-iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridir. Avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha Qirg‘iziston-O‘zbekiston zavodi ishga tushirilishi bunga ko‘maklashadi. O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida bu borada tegishli hujjat imzolanishi rejalashtirilmoqda.
Umuman, munosabatlarimizning hozirgi bosqichi va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar salohiyati yuqoriligicha qolmoqda. Qishloq xo‘jaligi sanoati, sanoat, transport-kommunikatsiya va turizm sohalari savdo-iqtisodiy munosabatlarda oldingidek asosiy istiqbolli yo‘nalishlardan bo‘lib qolmoqda.
1996 yilda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2018 yildan buyon chegara aloqalarini rivojlantirish uchun o‘ziga xos maydoncha – ikki mamlakat chegara viloyatlari rahbarlari kengashi faol ishlab kelmoqda. Ushbu kengash nafaqat chegaraga oid dolzarb masalalarni hal etadi, balki chegara hududlari o‘rtasida har tomonlama aloqani mustahkamlashga ham hissa qo‘shadi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l loyihasi hamda Qambar ota GES-1 qurilishi Qirg‘iziston uchun muhim qo‘shma qaror hisoblanadi. Shuningdek, “Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkeshtom” avtomobil yo‘li ham o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikning strategik yo‘nalishlaridan.
Yevropa va Osiyo o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydigan beqiyos ahamiyatga ega bu ikki transmilliy bog‘lovchi magistrallar Xitoy Xalq Respublikasi dengiz portlarini Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan va shu orqali Osiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Yevropa mamlakatlari bilan eng qisqa yo‘l yordamida bog‘lash imkonini yaratadi. shubhasiz, mavjud transport yo‘llariga ko‘makdosh sifatida yuzaga keladigan ayni loyiha hayotga tatbiq etilishi bilan Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi yuzlab, minglab insonlar ishli bo‘ladi. Ikki mamlakat chegara hududlarida transport-logistika zonalari tashkil etilishi esa xalqlarimiz uyg‘un, ahil yashashiga zamin yaratadi.
Albatta, faol rivojlanayotgan boshqa ko‘plab strategik yo‘nalishlar ham bor. Madaniy-gumanitar hamkorlik shu jumladan. 1996 yil O‘sh shahrida tashkil etilgan Qirg‘iziston-O‘zbekiston universiteti 2021 yil boshida xalqaro mavqega ega bo‘lib, Botirali Sidiqov nomini oldi. Ushbu oliy ta’lim muassasasi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtasini mustahkamlash, yosh avlodni tarbiyalash, Qirg‘iziston va O‘zbekiston uchun chinakam kadrlar tayyorlashga hissa qo‘shib kelmoqda. Joriy yil diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab, bu yerda ikki mamlakat rektorlari forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda Chingiz Aytmatov, Qirg‘izistonda Alisher Navoiy xotirasini abadiylashtirish, madniyat va an’analarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, chegaradosh tumanlarda istiqomat qilayotgan xalqlar do‘stligini yanada mustahkamlash ishlari jadal davom ettirilyapti. O‘zbekiston tomonidan O‘sh shahrida umuta’lim maktabi barpo etildi, Botkent viloyatida ikkita maktab foydalanishga topshirildi. 2021 yildan buyon Bobur nomidagi O‘sh akademik musiqiy-drama teatrini rekonstruksiya qilish ishlariga moliyaviy yordam ko‘rsatilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Chingiz Aytmatov xotirasiga alohida hurmat bilan qaraydi. Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatlaridan birida “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni payt, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi”, - degan edi.
O‘zbekiston yetakchisining shaxsiy ko‘magi bilan mamlakatda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlandi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 2017 yil “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” nomli doimiy faoliyat yurituvchi ekspozitsiya ochilgan, Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biriga mashhur yozuvchi nomi berilgan, shu yerda uning barelefi o‘rnatilgan. O‘zbek tilida adibning ko‘plab asarlari, xususan, “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” nomli xotira kitobi nashr etilgan, asarlari asosida hujjatli va badiiy film suratga olingan.
Xulosa shuki, Qirg‘iziston – O‘zbekiston hamkorligi yorqin ranglarga to‘la, ijobiy tendensiyaga ega va bu bizni kelajakka ko‘tarinki ruh bilan qarashga undaydi. Buning sababi oddiy. Tangri bu ikki xalqni jips qilib yaratgan, biz asrlar osha qo‘shnimiz. Demak, qardoshlikni asrab-avaylash, yanada boyitish va kelajak avlodlarga munosib tarzda yetkazish, bebaho do‘stlikning qadriga yetish barchamizning burchimizdir.
Qirg‘izistonning yetakchi rasmiy axborot agentligi – “Kabar” materiali asosida S.Rahimov tayyorladi.
O‘zA