Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Donishmandlik, yuksak tafakkur ramzi
18:18 / 2021-02-03

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida "Muruvvat" ijodiy guruhi bilan hamkorlikda buyuk shoir bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan "Kecha kelgumdir debon..." nomli adabiy-musiqiy kecha tashkil etildi.

Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga 

Samimiy ruhda o‘tkazilgan kechada alloma bobomizning ijodi, ibratli faoliyati, hayot yo‘li haqida batafsil so‘z yuritildi.

Kecha avvalida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri aktyorlari ijrosida hazrat Navoiyning g‘azal va dostonlaridan namunalar ijro etildi.

Kechada Navoiy ijodiyoti, adabiy merosi, hayot yo‘li milliy ma’naviyatimizda beqiyos o‘rin egallashi alohida ta’kidlandi.

– Alisher Navoiy ijodi o‘ziga xos darajada mukammal, murakkabdir, – dedi adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov. – Uning asarlari uchun nainki bugungi kunda, balki o‘z davrida ham izohli lug‘atlar yaratilgan. Navoiy ijodini odamlarga yanada kengroq singdirish maqsadida ulug‘ allomaning siymosi adabiy, kino, teatr, tasviriy asarlarda aks ettirilgan. Navoiy siymosi Mahmud Muzahhibning miniatyura asarlarida bor. Lekin miniatyura ramziy ma’noga ega, u baribir portret emas. 

1947 yilda Vladimir Kaydalov Navoiy suratini chizishga kirishadi. Asar uchun donishmand siymo zarur edi. Uni Alixonto‘ra Sog‘uniy xonadoniga olib borishadi. Rassom Alixonto‘ra Sog‘uniyga ko‘zi tushiboq, Navoiy portretini yaratish uchun shuning o‘zi kifoya ekanini bildiradi. Rassom alloma portretini yaratishda Alixonto‘ra Sog‘uniy chehrasidan ancha detallarni olgan. Navoiydek alloma zotga butun dunyoda ehtirom ko‘rsatiladi.

– Navoiy asarlariga bolalikdan qiziqaman, – deydi fidoyi xonanda Orolmirzo Safarov. – Bunda brayl usuldagi adabiyotlar juda qo‘l kelgan. Oybek, Mirkarim Osim, Azizxon Qayumovdek ijodkorlarning asarlari benazir shoir bobomizni o‘rganishda juda asqotgan.

Kechada Alisher Navoiy asarlarining ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy jihatlari xususida ham so‘z yuritildi. Shoir so‘zi bilan kuylanuvchi dilrabo qo‘shiqlar ijro etildi. G‘azallaridan namunalar yangradi.

N.Usmonova, O‘zA