Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Donishmand ona – farzandlari uchun tarixdir
15:02 / 2022-01-25

Jannat onalar oyog‘i ostida ekanligi, qishloqning sodda o‘zbek ayoli timsolida ochib berildi. Onaga qancha ta’rif bermaylik, e’tirof etmaylik maromiga hech yetib bormayotgandek tuyuladi.

Folklorshunos olima, yozuvchi va ijodkor Guljahon Mardonovaning «Qo‘yoshim enam» qissasi nafaqat o‘zbek onalariga bo‘lgan mehr-muhabbat, balki, o‘zbek xalqining barcha onalari siymosi aks etgan madhiya sifatida yuzaga kelgan asardir. 

Qissada o‘zbek onalarining siymosi, ular yashaydigan hovlining  tasviri jonli namoyish bo‘ladi. Qadim o‘zbek onasi xalq og‘zaki ijodining yaratuvchisi, kuylovchisidir. Bu ona nafaqat bolalariga mehribon, balki jigargo‘shalari opa-singil, aka-ukalarini ham bir umr o‘ylovchi insondir. 

Guljahon Mardonova aytganidek, bola oilada urf-odatlarimiz, o‘zbek oilasining qadim odatlari bilan shakllanadi. Qiz bolalarning onasini kuzata turib, o‘zi qo‘lida cho‘pdan yasagan qo‘g‘irchoqlari bilan o‘yin tashkil qilishi, ularni gapirtirib, qo‘g‘irchoqlariga momolarning ismini qo‘yib, jajji teatr sahnalari uyushtirishi go‘yo ularni katta hayotga tayyorlaydi. 

Xushbo‘y non tafti o‘zbek xonadonining ramziy timsolidir. O‘zbek onalarini tandir va nonsiz tasavvur eta olmaymiz. Bu ham qissada yorqin ranglarda ifoda etiladi. Oddiy qishloq ayolining erta tongdan boshlangan  kundalik yumushlari to‘laligicha namoyon bo‘ladi. Bolani beshikka belash,  unga aytiladigan aytimlar ham qissadan o‘rin olgan. Bu alla  va aytimlar haqiqiy durdona namunalari ekanliga alohida ahamiyat kasb etadi. Qadim turkiy qabilalar onalari bolalarini uxlatayotganda «balu» qo‘shiqlari kuylaganlar. Ibn Sino aytganidek, alla bolaning salomatligi uchun, ham iste’dodini oshirishga xizmat qiladigan qo‘shiqdir. Allaning sehrli kuylari yuksak an’analarimizdan ekinliga  qissada ham aks etadi. 

“Berdiyor, qo‘ying. Yaxshilik qil daryoga ot, baliq bilmasa, Xoliq bilar", degan gap bor. Sizning elga qilayotganingizni odamlar biladi. Endi guruchni orasida kurmak borku. Odamlar shundayda, dedi enam". Ushbu qissadan keltirilgan  parchada xalq maqol va iboralari o‘zbeklarning hayotining ajralmas qismi ekanliga, ular kundalik hayotimizda doimiy iste’molda bo‘lganligini yana bir bor  namoyish etadi. 

Qissada faqat ona obrazi emas, otaning obrazi ham ulug‘lanadi. U ona tomonidan yuksaklarga ko‘tariladi. Onaning turmush o‘rtog‘iga bo‘lgan ehtiromi, e’zozlashi sabab, farzandlar shunga o‘rganadi va unga ehtirom ko‘rsatishadi. Erining ko‘p narsaga qodirliga, uning jamiyatga kerakli inson ekanliga, farzandlari esa, otasidan doim faxrlanishi kerakligi ona tomonidan doim uqtirib boriladi. 

Oilada bajarilishi kerak bo‘lgan ba’zi odatlar borki, ularni bajarish kishilarning qon-qoniga singib ketgan. 
bugungi ommaviy axborot vositalari va zamonaviy internet vazifasini momolar bajargan davrlarning o‘zgacha zavqi bo‘lakcha ekinliga qissada kuylanadi. Enaning aytgan rivoyatlari, hikoyatlari, dostonlar va ertaklari bolalarni bir-biriga mehrli bo‘lib voyaga yetishishida sababchi bo‘lgan. Ona bolalariga go‘dakligidan aziz avliyolar, ulug‘larni hurmat qilishga o‘rgatadi. Avlodning yetti ota-bobosini tanishini, yaqinlari bilan faxrlanish tuyg‘usini shakllantiradi.

Bu ona jamiyatdagi kichik bir muammolardan tortib, insoniyatga xavf solayotgan urush va hatto Orol dengizi muammosidan ham qayg‘uradi. Elning nafini o‘ylaydi, ular uchun kuyinadi. Bu buyuk muammolarni o‘ylar ekan, donishmand aqli bilan soddalik qorishib ketganligini ham namoyish qiladi. Donishmand ona farzandlari uchun tarixdir, ajdodlari tarixining jonli guvohi va yetkazuvchisidir.

Qissadagi «Enam aytgan rost qo‘shiq» bo‘limida onaning otasi, ajdodlari haqidagi faryodlari qo‘shiq bo‘lib yangraydi. Inson hayotining butun bir ko‘rinishi aks etadi. Unda alladan boshlangan hayot zanjiri inson hayotidagi barcha bosqichlarni bosib o‘tib motam marosimigacha davom etadi. Yaqinidan ayrilish u xoh to‘qson yoki yuz yosh bo‘lsin, bunga yaqinlarining tan berishi qiyin. Ayniqsa qissa qahramoni onaxonning siymosidagi odamlar uchun bu ayriliqning yuki og‘irdir. Shuning uchun bu ona o‘z onasining ulug‘ yoshda o‘tganligiga qaramay kuyib mung‘ayib yig‘laydi. 
 

Qabristonning jo‘lida,
Arava jotir oti yo‘q.
Qabristonning ichida,
Tanasi jotir, joni yo‘q.
Voy, voy, enam boybicham.
Qabristonning jo‘lig‘a

Sedana sepsam bitarma?
Enaginamning sog‘inchi,
Jon chiqquncha ketarma?
Voy, voy, enam boybicham.
      

Ona – bolasi nazdida faqatgina xokisor, mehribon siymo bo‘lsa-da, uning himoyasida shunchalar kuchli, qudratlidir. Norg‘ul o‘g‘lidan bevaqt ayrilgan onaizor nohaqliklarga qarshi mardonavor kurashadi va yengib chiqadi. Buning uchun davlat rahbariga ariza bilan murojaat qilib, arizani prezident devoniga topshirib, bolasidan yodgor qolgan nevaralarining haqini saqlab qoladi.
Qissa keng kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, unda har bir kitobxon o‘z quvonchi va dardlarini ko‘rgandek  bo‘ladi.  


Feruza Abdurahmonova,
Alisher Navoiy nomidagi
Davlat adabiyot muzeyi ilmiy xodimi