So‘nggi haftalarda AQSH boshchiligidagi muzokaralar davomida Rossiya va Ukraina vakillari Donetsk viloyatida nazorat qilinmaydigan qurolsizlantirilgan hudud yaratish g‘oyasini muhokama qilishdi.
Bu haqda “The New York Times” gazetasi manbalarga tayanib xabar berdi. Ta’kidlanishicha, Rossiya ziddiyatni tugatish sharti sifatida Ukrainadan Donetsk viloyatida nazorat qilayotgan hududlarni topshirishni talab qilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, ushbu taklif ikkala tomonga ham maqbul bo‘lishini ta’minlash uchun muzokarachilar qurolsizlantirilgan hududda erkin savdo hududini yaratish masalasini ham muhokama qilishdi.
Tomonlar shuningdek, urushdan keyin hududni boshqarish uchun qurolsizlantirilgan hududda fuqarolik ma’muriyatini tashkil etish g‘oyasini ham muhokama qilishgan. Ayrim manbalar yozishicha, ma’muriyat tarkibiga rus va ukrain vakillari kirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4-5-fevral kunlari Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida Ukraina vakillari RF qurolli kuchlarini front chizig‘idan qisman olib chiqish variantlarini muhokama qilishgan. Gazeta manbalariga ko‘ra, qo‘shinlarning olib chiqilishi simmetrik bo‘lmasligi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA