Ayni paytda AQSH prezidenti Donald Tramp besh kunlik rasmiy tashrif bilan Shotlandiyada bo‘lib turibdi. Safar doirasida u Yevropa komissiyasi raisi va Buyuk Britaniya bosh vaziri bilan muzokaralar olib borishidan tashqari, o‘ziga tegishli golf maydonlariga borishni rejalashtirgan.
Qiziq jihati, tashrif chog‘ida Tramp immigratsiya haqida keskin bayonot berdi.
– Immigratsiya Yevropani halok qiladi. Bu jarayonni to‘xtatish kerak. Agar ushbu masala bilan jiddiy shug‘ullanmasangiz, Yevropadan asar ham qolmaydi, -dedi u o‘z intervyusida.
Shuningdek, u ayrim rahbarlar muammoga qarshi keskin chora ko‘rmayotganini tanqid qildi, ammo ularning nomlarini oshkor qilmagan.
AQSH prezidenti o‘z nutqida yana bir bor shamol energetikasiga qarshi chiqdi. Uning ta’kidlashicha, shamol turbinalari Yevropaning tabiiy go‘zalligini yo‘q qilmoqda.
– Sizlar go‘zal vodiylaringizni vayron qilyapsiz, qushlarning hayotiga zomin bo‘lyapsiz. Yevropa shamol tegirmonlarini to‘xtatishi kerak, – dedi Qo‘shma Shtatlar yetakchisi.
Tramp bungacha ham shamol energetikasiga qarshi tanqidiy munosabati bilan tanilgan. Hatto u o‘z oilasiga tegishli bo‘lgan Shotlandiyadagi golf maydoni yaqinida shamol elektr stansiyasi qurilishiga qarshi kurash olib borgan. Mazkur masala bo‘yicha sudda yutqazganidan so‘ng, Tramp Shotlandiya hukumatining sud xarajatlarini qoplashga majbur bo‘lgan edi.
Tramp yana o‘sha eski mavzuni ko‘tarmoqda. Nahotki, Shotlandiya hukumati uning gapi bilan beminnat elektr energiyasi ishlab chiqarayotgan shamol tegirmonlaridan voz kechsa?
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nzp_cgAVcVE" title="Donald Tramp shamol energiyasiga qarshi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K. Bekjonov, O‘zA