Ayni paytda AQSH yetakchisi Donald Tramp nomidagi Tinchlik institutida Tinchlik kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda Tramp kirish nutqi so‘zladi.
— Tadbir qatnashchilariga katta rahmat, bu muhim kun va bizni ko‘p odamlar kuzatmoqda. Qator mamlakatlar rahbarlari hozir shu yerda, bizda rahbarlar guruhi bor, yana ko‘pchilik esa Zoom orqali kuzatmoqda, — dedi Tramp. — Sizlar qilayotgan ishlarimizga hurmat bilan yondashdingiz. Bizning qilayotgan ishimiz juda oddiy — bu “tinchlik kengashi” deb ataladi. Aytish oson, ammo amalga oshirish qiyin bo‘lgan so‘z.

AQSH rahbari aytishicha, mamlakatlar tarixidagi muhim voqealar ro‘y bermoqda, chunki sakkizta urush hal qilindi va yana birini hal qilish oldida turibmiz.
— “Tinchlik kengashi” eng muhim va ta’sirli ishlardan biri deb o‘ylayman. Bu yerdagi odamlar bilan birga ko‘p ishlayapmiz. Urushlarni tugatishda hamkorlik qildik. Ayrim urushlar 32 yil, 34 yil, hatto 37 yil davom etgan. Bu juda uzoq vaqt. Ammo biz ularning har birini taxminan ikki kun ichida tugatdik, — dedi Tramp.
Tramp har bir yetakchini alohida e’tirof etdi. Jumladan, davlatimiz rahbarini o‘zgacha kayfiyat bilan tanishtirdi.

— Prezident Mirziyoyev, O‘zbekistondan. U mening do‘stim. Mamlakatingiz juda yaxshi rivojlanmoqda. O‘zingiz ham a’lo darajada ish olib boryapsiz. Har safar Siz bilan uchrashganimizda hech qanday muammo yo‘q, — dedi AQSH yetakchisi.

Yig‘ilishda muhokama qilinayotgan asosiy mavzular orasida G‘azo sektorini qayta tiklash va hududga gumanitar yordam berishni moliyalashtirish masalalari bor.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA