“Reuters” axborot agentligining xabar berishicha, bugun AQSH prezidentining samolyoti Ben-Gurion aeroportiga kelib qo‘ngan va uni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu kutib olgan.
Ta’kidlanishicha, Tel-Avivdagi sohil bo‘yida tinchlik kelishuviga erishishga ko‘maklashgani uchun Trampga minnatdorchilik sifatida ulkan banner o‘rnatilgan.
Tramp Isroil parlamenti - Knessetdagi chiqishi arafasida G‘azodagi nizo tugaganini e’lon qildi.

– Bu men uchun katta sharaf. Ulug‘ va go‘zal kun. Yangi ibtido, – deb yozgan Qo‘shma Shtatlar yetakchisi faxriy mehmonlar kitobida. Shuningdek, u Pokiston va Afg‘onistonni yarashtirishga tayyorligini ham istisno etmagan.

Bu vaqtda Hamas garovdagi 13 kishini Xalqaro qizil Xoch qo‘mitasiga topshirdi. Isroil esa qamoqxonadagi mahbuslarni qaytarishga hozirlanmoqda.
Isroil safaridan so‘ng Tramp Misrning Sharm ash-Shayx shahriga yo‘l oladi. U yerda G‘azo sektoridagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha sammit o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘.Alimov, O‘zA