Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Don yetkazib berishga keng yo‘l ochildi
20:08 / 2022-11-02

Rossiya-Ukraina

Turkiya va Rossiya Prezidentlari Rejep Tayyip Erdog‘an va Vladimir Putin telefon muloqotida Ukraina donini Qora dengiz orqali tashish masalasini muhokama qilgan edi.

Davlat rahbarlari topshirig‘i bilan tashqi ishlar vazirlari Mavlud Chavusho‘g‘li va Sergey Lavrov telefon suhbati chog‘ida don masalasi yuzasidan muzokarani davom ettirishdi. «TASS» ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya tomoni don shartnomasi bo‘yicha ishlagan uch oy davomida oziq-ovqatga muhtoj davlatlarga mahsulot yetkazib berilmagan.

Bu suhbatlardan keyin RF Mudofaa vazirligi Ukrainadan Moskvaga qarshi harbiy amaliyot uchun don yo‘lagidan foydalanmaslik to‘g‘risida yozma kafolat olgach, Moskva g‘alla bo‘yicha kelishuvda ishtirok etish uchun qaytishini ma’lum qildi.

Turkiya rahbari matbuot kotibi Ibrohim Kalin «Anqara Ukraina atrofidagi mojaroning adolatli va barqaror yechimi yo‘lidagi sa’y-harakatni davom ettiradi», deb yozdi ijtimoiy tarmoqda.

Shuningdek, u Rossiya va Ukrainadan g‘alla yetkazib berish qayta tiklangani «Turkiya tomonidan olib borilayotgan konstruktiv va keng qamrovli diplomatiyaning navbatdagi yutug‘i», degan fikrni bildirgan.

AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild Rossiyaning g‘alla shartnomasini bajarishga qaytganidan mamnunligini izhor qildi. U «CNN» telekanaliga bergan intervyusida bu qadam «dunyoni zarur oziq-ovqat mahsuloti bilan ta’minlash imkonini beradi», deya qo‘shimcha qildi.

Bugundan boshlab Kiyevda elektr energiyasi taqchilligi sabab trolleybus harakati to‘xtadi. Shahar meri Vitaliy Klichko «trolleybus yo‘nalishlari bo‘ylab avtobuslar xalqqa xizmat qiladi», deb bayonot berdi. 

Vashington Ukraina tufayli Rossiya bilan ziddiyatga borishni hanuz istamaydi, dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi strategik kommunikatsiya bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi.

«Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati Ukraina inqirozini diplomatik yo‘l bilan hal etishga intilmoqda», dedi u.

AQSHning Kiyevdagi elchixonasi harbiy attashesi guruhi vakillari Ukraina hududiga keltirilgan Amerika qurol-aslahalarini tekshirish jarayonida qatnashadi. «Ular front chizig‘ini kesib o‘tmaydi, shuning uchun harbiylar jangovar harakatda qatnashyapti, degan shubhaga bormaslik kerak», deya bayonot berdi Pentagon Harbiy havo kuchlari matbuot kotibi Patrik Rayder.

Italiya hukumati Ukrainaga qurol yetkazib berish bo‘yicha navbatdagi qaror loyihasini to‘xtatib qo‘ydi. «Il Messaggero» nashri hukumatdagi manbaga tayanib yozishicha, «yuborilajak harbiy aslahalar ro‘yxati avval NATO bilan kelishilishi shart qilib qo‘yilgani uchun bu masalani ko‘rib chiqish vaqtincha to‘xtatilgan», deyiladi xabarda.

Abror XON, O‘zA