French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Don shartnomasi uzaytiriladi
10:40 / 2023-03-14

Rossiya-Ukraina

Minalashtirish jarayonini tezlashtirish zarur...

AQSH Prezidenti Jo Bayden, Buyuk Britaniya hamda Avstraliya Bosh vazirlari Rishi Sunak va Entoni Albaneze ishtirokidagi muzokara paytida Ukraina atrofidagi ziddiyat muhokama qilingan. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi. Bayden va Sunak Kiyev bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlanishi, jumladan, ushbu mamlakatga harbiy, iqtisodiy va gumanitar yordam berilishi haqida gapirishgan. Albaneze bilan suhbatda ham “tomonlar Kiyevni qo‘llashga sodiq qolajagini” qayd qilishgan.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parijda Ukraina mavzusi, shuningdek, energetika xavfsizligi, Yevropaning raqobatbardoshligi va harbiy mudofaa masalalarini ko‘rib chiqishgan. Bu haqda Vengriya hukumati matbuot xizmati yozdi.

AQSH ma’muriyati Xitoy Raisi Si Szinpinni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga da’vat qilmoqda. Bu haqda Amerika yetakchisining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.

Yevropa Ittifoqi hali zaxiradan Ukrainaga qancha snaryad berilishi bo‘yicha aniq gap aytolmaydi, deb xabar berdi o‘z manbasiga tayanib “Bloomberg” agentligi. Avvalroq YeI bosh diplomati Jozep Borrel Ukrainaga snaryad yetkazib berish tezlashtirilishi xususida so‘z yuritgandi.

Ukraina boshqa davlatlar ishtirokisiz, jumladan, Rossiya va AQSH muzokaralarisiz o‘z kelajagini aniqlay olmaydi, deb bayonot berdi Vengriya mudofaa vaziri Kristof Salay-Bobrovnitski.

Qo‘shma Shtatlar va Ukraina mudofaa vazirlari Lloyd Ostin va Aleksey Reznikov telefon orqali muloqot chog‘ida harbiy hamkorlik masalasini ko‘rib chiqishgan.

Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni fikricha, Vatikan Ukraina nizosini hal etish uchun eng qulay joy.

Yaponiya 2022 yil davomida Ukrainaga ko‘rsatgan umumiy yordam hajmi 210 milliard iyen (taxminan 1.6 milliard dollar)ni tashkil qilgan. Bu haqda “Kyodo” agentligi ma’lum qildi. “Bu mablag‘ moliyaviy ko‘mak berish, uskunalar xarid qilish va gumanitar yordamni ta’minlashga yo‘naltirilgan”, deyiladi axborotda.

Rossiya va Eron tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Husayn Amir Abdullohiyon telefon muloqot qilib, Ukrainada vaziyatni muhokama qilishdi. Bu haqda EIR TIV matbuot xizmati xabar qildi. Aytilishicha, Abdullohiyon Eronning mazkur ziddiyatni hal etishga qarashini yana bir marta tasdiqlagan: “siyosiy qaror va muloqot zarur”.

Ukraina BMT va Turkiyadan Rossiyaning 18 martda muddati tugaydigan don shartnomasini yana 60 kunga uzaytirish taklifiga munosabat bildirishini kutmoqda, deya ma’lum qildi Ukraina infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov.
 

Zelenskiy parlamentga murojaat qilib, qishloq xo‘jaligi sohasiga oid manfaatni hisobga olib, minalashtirish jarayonini tezlashtirish to‘g‘risida gapirgan. “Mamlakatning, taxminan, 170 ming kvadrat/kilometr hududida mina yoki portlamay qolgan turli snaryad bor”, degan yetakchi.

Abror XON,

O‘zA