Agar fermer va klasterlar o‘zi yetishtirgan ortiqcha g‘allani sotish istagida bo‘lsa, davlat va xususiy don korxonalariga shartnoma asosida kelishilgan narxlarda sotadi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar tomonidan zamonaviy, ixcham, energotejamkor un ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish imkoniyati yaratiladi.
Fermer birjaga chiqib, o‘zi yetishtirgan g‘allasini mustaqil sotsa, uning daromadi oshadi va o‘z mehnati natijasidan rozi bo‘ladi.
Eng muhimi – respublikamiz aholisiga arzon va sifatli don va don mahsulotlari uzluksiz yetkazib beriladi.
Berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Hisob palatasi, Markaziy bank, tijorat banklari va don korxonalari tomonidan «Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi – tijorat banki – don korxonasi – klaster va fermer – birja» zanjiri asosida to‘lovlarning amalga oshirilishi bo‘yicha kunlik nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida Shtab tashkil etiladi. Shtab kunlik ma’lumotlarni tahlil qilib boradi, vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar yuboradi, yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘radi.
Shuningdek, birja savdolarida bug‘doy sotadigan fermer va g‘allachilik klasterlaridan birja to‘lovlari undirilmasligi belgilab qo‘yildi.
Ushbu islohotlarning pirovard maqsadi – fermerlar va klasterlarning manfaatdorligini ta’minlash va hosildorlikni oshirishdan iborat.
bugungi kunda jahonda yuz berayotgan voqealar natijasida bozorlarda oziq-ovqat narxlari kun sayin yuqori sur’atlar bilan o‘smoqda.
Hozirda xalqaro birjalarda 1 tonna bug‘doy 400 AQSH dollaridan sotilmoqda va yil boshiga nisbatan 30 foizga oshgan.
Shunday sharoitda narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li, bu – fermerlar manfaatdorligini ta’minlash va hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirishdir. Demak, g‘allachilikda samarali ishlaydigan bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish zamon talabiga aylandi.
Hozirda ushbu sohada xususiy sektor ulushi ortib bormoqda. Xususan, so‘nggi uch yilda mamlakatimizda 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi. 2021 yil yakuni bilan mamlakatimiz bo‘yicha ishlab chiqarilgan unning 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Biroq bugungi kunda «O‘zdonmahsulot» kompaniyasi tarkibidagi 43 ta don korxonalari yangi bozor sharoitlarida samarali ishlashga tayyor emas. Shu paytgacha kompaniya tarkibidagi don korxonalari fermerlardan tayyor bug‘doyni qabul qilib, uni qayta ishlash bilan shug‘ullanib kelgan. Natijada ularning un ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi o‘rtacha 60 foizdan oshmaydi.
Zamonaviy energotejamkor va ixcham uskunalar bilan jihozlanmagani sababli davlat don korxonalarining tegirmon xarajatlari xususiy sektorga nisbatan 20-25 foizga yuqori, rentabelligi esa – 2 barobar kam.
Davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayapti. Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, bunday korxonalarning ham daromadi, ham raqobatbardoshligi, ham sarmoyaviy jozibadorligi juda past bo‘ladi.
Dunyoda davom etayotgan pandemiya sharoitiga qaramasdan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan fermer-dehqonlarimiz anchadan buyon kutgan islohotlarning yangi bosqichiga qadam qo‘yilmoqda.
Davlat rahbari boshchiligida joriy yil 11 mayda o‘tkazilgan g‘allachilikdagi islohotlarning eng muhim bosqichiga bag‘ishlangan yig‘ilishda 2022 yil 1 iyundan boshlab, g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlari tizimiga o‘tish hamda fermer va klasterlar o‘zlari yetishtirgan g‘allasini birja savdolariga olib chiqishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratish topshirig‘i berildi.
Bu degani – narxni bozorning o‘zi shakllantiradi.
Hisob palatasining
Matbuot xizmati