Keyingi paytlarda ko‘p kvartirali uylar atrofidagi mavjud sport maydonchalari va bolalar o‘yingohlari, uylarga tutash hududlardagi yashil hududlarda qurilish ishlari amalga oshirilishi holatlariga tez-tez duch kelayapmiz.
Bu holatlar esa fuqarolarning noroziligiga, haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shu yilning olti oyi davomida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida Toshkent viloyatida 274, Toshkent shahrida 219, Farg‘ona viloyatida 186, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 91, Xorazm viloyatida 89, Buxoro viloyatida 65 ta va qolgan viloyatlarda ham 300 ga yaqin ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarida jami 1 ming 306 ta noqonuniy qurilmalarni qurish holatlari aniqlangan. Ularning 519 tasi bartaraf etilgan bo‘lsada, qolgan holatlarga ham to‘liq yechim topish lozim.

Shu bilan birga, ko‘p kvartirali uylar hududidagi umumiy foydalanishda bo‘lgan joylarning o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi bilan bog‘liq Andijon viloyatida 95, Toshkent viloyatida 79, Toshkent shahrida 54, Buxoro viloyatida 31 ta va qolgan viloyatlarni hisoblaganda jami 368 ta holat aniqlangan.
Shu kabi holatlardan kelib chiqib, parlament quyi palatasining majlisida ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlardagi yashil maydonlar, bolalar o‘yingohlari va sport maydonchalarini joy mulkdorlari, boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan saqlash va doimiy obodonlashtirib borish, ularning tutash hududlari noqonuniy egallab olinishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish bo‘yicha qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA