Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Dom”larga tutash hududlar qay holatda saqlanmoqda? — Vazirlik javob berdi
13:25 / 2025-10-14

2025 yilda olib borilgan nazorat tadbirlari davomida ko‘p kvartirali uylarga tutash yerlarda 1 ming 952 ta noqonuniy qurilish holati aniqlangan. Ulardan 738 tasi joyida bartaraf etilgan bo‘lsa, qolgan 1 ming 214 ta holat yuzasidan sudlarga davo arizalari kiritilgan.

Ta’kidlash joizki, ko‘p kvartirali uylarga tutash yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish va turli qurilmalar barpo etish holatlari tez-tez duch kelinadi.  

Qonunchilik palatasining shu yil 23 sentyabrda bo‘lib o‘tgan majlisida ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlardagi yashil maydonlar, bolalar o‘yingohlari va sport maydonchalarini joy mulkdorlari, boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan saqlash va doimiy obodonlashtirib borish, ularning tutash hududlarini noqonuniy egallab olinishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziriga parlament so‘rovi yuborilgan edi.

Bugungi majlisda deputatlar vazirning parlament so‘roviga javobini ko‘rib chiqdilar.

Javobda ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda respublika bo‘yicha 1,5 mln.dan ortiq xonadondan iborat 44 ming 280 ta ko‘p kvartirali uylar mavjud. Shundan 39 ming 859 ta uylarga 971 ta boshqaruvchi tashkilotlar, 851 ta uylarga 241 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.

Prezidentimizning 2023 yil 15 avgustdagi qarori ijrosini ta’minlash doirasida 40 ming 735 ta ko‘p kvartirali uyning tutash yer uchastkalari chegaralari aniqlanib, ularni joylar mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish uchun mahalliy hokimliklar tomonidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Parlament so‘roviga kelgan javobda qayd etilganidek, hozirda ko‘p qavatli uylarning tutash hududlarida 9 ming 937 ta bolalar maydonchasi, 2 ming 385 ta umumiy foydalanishdagi hojatxona, 285 ming pagonametrga yaqin irrigatsiya tarmog‘i hamda 7,8 mln. m² beton yo‘laklar mavjud.

2017-2024 yillar davomida 2 ming 777 ta bolalar maydonchasi, 386 ta umumiy foydalanishdagi hojatxona qurilib, 92 ming pagonametr irrigatsiya tarmoqlari va 1,5 mln m² yo‘laklar ta’mirlangan. 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan rejalarga ko‘ra, yana 1 ming 656 ta bolalar maydonchasi, 474 ta umumiy foydalanishdagi hojatxonalar, 176 ming pagonametr irrigatsiya tarmoqlari va 1,7 mln. m² beton yo‘laklar qurilishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari “Yashil makon” loyihasi doirasida hududlarni obodonlashtirish, gul va daraxt ko‘chatlari ekish ishlarini amalga oshirmoqda. Joriy bahor mavsumida 248 ming 881 tup mevali va manzarali daraxt hamda butalar ekilgan.

Ma’lum qilinganidek, joriy yilning 9 oyi davomida vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslardan 1 ming 807 ta murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish organlaridan bo‘lib, taklif va muammolar muntazam tahlil qilinmoqda va amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Muhokamalarda deputatlar ushbu yo‘nalishda vazirlik tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgani, shu bilan birga, sohadagi qonun buzilishlarining oldini olish, ko‘p kvartirali uylarning tutash yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joy mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilinishini jadallashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.  

Mazkur masala yuzasidan doimiy parlament nazorati olib borilishi qayd etilib, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA