Milliy sportimiz kurashning xalqaro maydonda rivoj topishida Amerika qit’asida joylashgan Dominikan Respublikasining alohida o‘rni bor. Aynan ushbu mamlakat XXI asrning ilk yillaridan kurash bo‘yicha turli musobaqa va chempionatlarni o‘tkazib kelmoqda.
Joriy yildan kurash alohida sport turi sifatida Dominikan Respublikasi universitet o‘yinlari dasturiga kiritildi.
Dominikan Respublikasi Sport vazirligi, ta’lim vazirligi, Olimpiya harakati tomonidan o‘tkazib kelinayotgan mazkur o‘yinlar dasturidan 20 ga yaqin sport turi joy olgan bo‘lib, unda mamlakat oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etadi.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kecha 26 sentyabr kuni Santo Domingo shahri Olimpiya markazida Universitet o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan kurash musobaqalari tashkil etildi.

Universitet o‘yinlari kurash bahslarida Santo-Domingo avtonom universiteti (UASD), Santyago texnologik universiteti (Utesa), Janubiy texnologiya universiteti (Utesur), Milliy Evangeliya universiteti (UNEV), Shimoliy katolik universiteti (UCNE), Amerika texnologik universiteti (ITLA), Santo Domingo katolik universiteti (UCSD) va Loyola ixtisoslashtirilgan tadqiqotlar universitetlaridan 100 nafarga yaqin kurashchilar g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.

O‘zbek milliy sporti bo‘yicha o‘tgan Universitet o‘yinlari yakunida g‘oliblar medal, diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. E’tiborlisi, mazkur o‘yinlar tufayli okean ortida yana bir karra milliy sportimiz, u orqali qadriyatlarimiz namoyish etildi, o‘zbekona so‘zlar baralla yangradi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA