Ayni pishiqchilik vaqtida elimiz dasturxonining ko‘rki sanalgan zaminimiz mahsulotlarini nobud qilmay yig‘ib olish shubhasiz, barakaga olib keladi.
Buning uchun esa avvalo zararli organizmlarga qarshi o‘z vaqtida samarali kurash tadbirlarini tashkillashtirish hamda fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash muhim sanaladi.
Ayni maqsadlarda bugun – 7 iyuldan boshlab 7 avgustgacha “Dolzarb o‘ttiz kunlik” o‘tkaziladi. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bunda bir qancha zararli organizmlarga qarshi tizimli kurash choralari olib boriladi.
Jumladan, bog‘larda mevalar ichida lichinkalar rivojlanib, uning chirishga olib keladigan, eksportga tayyorlanayotgan hosil uchun katta iqtisodiy zarar keltiradigan “Sharq mevaxo‘ri”ga, poliz ekinlarining sifat va miqdorini keskin pasaytirib, hosilning eksport ko‘rsatkichlariga ta’sir qiluvchi “Qovun pashshasi”, ildiz mevalanuvchi yovvoyi begona o‘t sanalgan, madaniy ekinlar o‘sishiga jiddiy to‘sqinlik qiladigan “Zarpechak“ka qarshi harakatlar olib boriladi.
“Zarpechak“ tez ko‘payadi va yer osti ildizchalari orqali ko‘p yillar yashaydi. “Sudraluvchi kakra” esa paxta, g‘alla, sabzavot, poliz ekinlari dalalarida uchraydi va ularning o‘sishiga to‘sqinlik qiladi. “Dolzarb o‘ttiz kunlik” doirasida qo‘shma chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tizimli nazorat olib boriladi.
Ma’lumotda qayd etilishicha, davlat inspektorlari tomonidan poliz ekinlari dalalari va zararli begona o‘tlar tarqalishi mumkin bo‘lgan maydonlarda nazorat kuchaytirilib, dala nazorati elektron dasturi orqali hisobot yuritiladi.
“Zarpechak” va “Sudraluvchi kakra” begona o‘tlarining tarqalishi oldini olish uchun bog‘dorchilik va dehqonchilik xo‘jaliklarida, shaxsiy tomorqa, korxona, tashkilot, katta yo‘l bo‘ylari va boshqa maydonlarda karantin tadbirlari o‘tkaziladi.
Aniqlangan zararli organizmlarga o‘z vaqtida qarshi kurash ishlarini olib bormagan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan chora ko‘riladi.
A.RUSTAMOV, O‘zA